my5

Toshkentda 5 yoshli qizini o`ldirib, so`ng o`chog`da yoqib, suyaklarini daryoga oqizib yuborgan ota-onaga hukm o`qildi

Jamiyat 13.08.2020, 16:15
2804
Toshkentda 5 yoshli qizini o`ldirib, so`ng o`chog`da yoqib, suyaklarini daryoga oqizib yuborgan ota-onaga hukm o`qildi

Toshkent shahar prokuraturasi ma`lumotiga tayanib, bundan 10 oy avval er-xotin Sergeli tumanida ijarada yashab kelgan xonadonda spirtli ichimlik iste`mol qilishib, farzandini urib, do`pposlab, qasddan o`ldirgani haqida xabar bergan edik. 

Bu beshavqat er-xotinga sud hukm o`qildi. Bu haqda MY5 telekanalining «Markaziy studiya» dasturida ma`lum qilindi. 

Ma`lumotlarga ko`ra, 2019 yil 24 oktyabr kuni tushdan so`ng ona birinchi turmushidan bo`lgan 5 yoshli qizi ikkinchi turmushidan bo`lgan 1,5 yoshli bolasining boshini hojatxona suviga solayotganini ko`rib qolgan. Ona bor kuchi bilan bolani mushtlab urib, irg`itib yuborgan.

«Qizaloq boshi bilan devor burchagiga urilgan. Tabiiyki og`riqdan yig`lashni boshlagan. Ona esa uni o`qlov bilan urishda davom etgan. Qizaloq keyinchalik onasidan ‘og`riyapti’, deb suv so`ragan. Ayol bunga e`tibor qaratmasdan, uni qo`llarini yuqoriga ko`targizib burchakka turg`izib qo`ygan. Qiz xirillab, bo`g`ilib, nafas olishga qiynalayotganini ko`rgan ona qo`rqib ketib, turmush o`rtog`ini chaqirgan», — deyiladi xabarda.

Ayolning qo`ng`irog`idan so`ng uning sha`riy nikohidagi eri Sergelida ijarada yashab turgan uyiga tezda etib kelgan. Soat 17:00 larda qizaloq olingan tan jarohatlari oqibatida o`sha uyning o`zida vafot etgan. 

Ayol eriga qamalib ketsa, yosh bola bilan qolib ketishini aytib, qizchaning jasadidan qutilishda yordam so`ragan.

So`ngra ertasi kuni soat 05:00 lar atrofida Bo`stonliq tumanidagi dala hovliga kelib, er-xotin jasadni o`choqda yoqqan. Oxirigacha yonmagach murdaning qoldiqlarini yo`qotish uchun uni Chirchiq daryosiga oqizib yuborgan.

Qotillik o`tganidan 10 kun o`tib ona qizaloqning buvisi sabab IIBga murojaat qilishga majbur bo`lgan.

Qayd etilishicha, o`tgan yillar davomida qotil ona shar`iy nikohdagi eri bilan Rossiyada yashab, ikki o`g`il farzandli bo`lgan. 5 yoshli qizaloq esa buvisining uyida yashab kelgan. Jinoiy ishda sherik bo`lgan er-xotin esa Toshkentga qaytganidan so`ng qizchani buvisining qo`lida o`z tarbiyasiga olgan.

Qizaloqning buvisi o`zi katta qilgani uchun bo`lsa kerak, mehri tortib har kuni telefon orqali nabirasi bilan gaplashib turgan.  «Nabiram qaerda?»degan so`rovlaridan qochish va o`z aybini yashirish maqsadida ayol Compass savdo markaziga borib, qizini yo`qotib qo`yganini bildirgan.

Tezkor-tergov guruhi tomonidan J.N. va uning shar`iy nikohdagi eri M.F.ning ko`rsatmalari shubha ostiga olinib, qidiruv tadbirlariga qaramasdan, farzandi bir kun mobaynida topilmaganligi sababli u qotillik jinoyati qurboni bo`lganligi gumoni asosida Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Oradan 10 oy o`tib Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudida jinoyatchi er-xotinga nisbatan hukm o`qildi.

Sud hukmiga ko`ra, ayolga 13 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uning eri esa aybsiz deb topilib, reabilitasiya qilingan hamda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Hukm o`qilgan bo`lsa-da, qotil ona o`z aybini tan olmagan. 5 yoshli qizaloqning murda suyaklari ayolning onasiga dafn etish uchun berilgan.

Шарҳлар