AsosiyJamiyat

Qibrayda chamadondan jasadi chiqqan Oliy sud sobiq xodimining qanday o`ldirilgani tafsilotlari ma`lum bo`ldi. Qotil — shifokor

'Qibrayda chamadondan jasadi chiqqan Oliy sud sobiq xodimining qanday o`ldirilgani tafsilotlari ma`lum bo`ldi. Qotil —  shifokor'ning rasmi

Sal avval Qibray tumanida sayohat jomadonidan murda topilgani, marhum Oliy sudning sobiq xodimi ekaniga oid xabar berilgan edi. Ayni paytda Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning "darakchi.uz"ga ma`lum qilishicha, holat bo`yicha qo`zg`atilgan jinoyat ishi («qasddan odam o`ldirish», 97-modda) bo`yicha ikki nafar shaxs qo`lga olindi.

Voqea tafsitlotlariga ko`ra, marhum Sh.A. shu yilning 7 avgust kuni ertalab shaxsiy «Gentra» avtomashinasida o`z uyidan Toshkent shahridagi Respublika Shoshilinch tez tibbiy klinik (sobiq 6-sonli) shifoxonasiga (RShTYoIM) ko`rikdan o`tish uchun tanishi R.X. (1975 yilda tug`ilgan) oldiga kelgan.

2009 yildan buyon RShTYoIM bo`lim rahbari lavozimida ishlab kelayotgan R.X. o`ziga avvaldan tanish bo`lgan Sh.A.ni ko`rikdan o`tkazish jarayonida eski adovatlarni eslaydi. Shuningdek, uning (marhumning) shu dargohda ishlovchi shar`iy xotini haqida gap ketib, ikki o`rtada kelishmovchilik kelib chiqadi. 

Shifokor R.X. bemor odamga nisbatan qanday xatti-harakatlar qilinsa, oqibati o`lim bilan tugashini mutaxassis sifatida yaxshi bilgani bois «raqibi»ning sog`lig`idan shikoyat qilib kelganligidan foydalanib, uni bo`sh xonaga olib kiradi va tibbiyot kushetkasiga yotqizadi. Ayni jarayonda uning bosh qismiga qattiq tumtoq jism bilan bir marotaba urib, so`ng bo`g`ib qasddan o`ldiradi.

Jinoyatni yashirish maqsadida Sh.A.ning jasadini o`zida mavjud bo`lgan qora rangli sayohat jomadoniga joylab, tanishi, 1964 yilda tug`ilgan A.M. yordamida o`zining qora rangli «Gentra»sida Qibray tumanining «Sohibkor» hududidan oqib o`tuvchi Bo`zsuv kanaliga tashlab yuboradi.

Shuningdek, ular marhumning qo`l sumkasidagi 660 ming so`m va 230 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, shaxsiy hujjat hisoblangan fuqarolik pasporti, haydovchilik va xizmat guvohnomalarini qaychi yordamida bo`laklarga bo`lib, suvga oqizib qasddan yo`q qilishgani ham aniqlandi.

Tergov jarayonida R.X.ga tegishli avtomashinaning yukxonasi atrofida qirilishlar, undagi (yukxonadagi) va RShTYoIMdagi xonasining er va devor qismlaridan olingan qonga o`xshash dog`lar ashyoviy dalil tariqasida olingan. Ayni paytda sudga bir necha ekspertizalar tayinlangan.

Qo`lga olinganlarga nisbatan qotillik va boshqa qator ayblovlar e`lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llangan.

Bosh prokuratura nazoratiga olgan mazkur jinoyat ishi bo`yicha tergov harakatlari Toshkent viloyati prokuraturasi (o`ta og`ir jinoyatlarni tergov qilish bo`limi) tomonidan olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar