my5

«Vaziyat juda xavotirli...» JSST yana bir epidemiya xavfidan ogohlantirmoqda

Jamiyat 18.09.2020, 09:16
2780
«Vaziyat juda xavotirli...» JSST yana bir epidemiya xavfidan ogohlantirmoqda

Evropada sil kasalligiga chalinganlar sonining tobora ko`payib borayotganini xavotir ila kuzatib kelayotgan Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti yil oxiriga qadar yuzaga kelishi mumkin bo`lgan epidemiyani istisno etmayapti.

Bu haqda JSSTning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich koronavirus pandemiyasining sil kasalligi bilan bog`liq epidemik vaziyatga ta`siriga bag`ishlangan onlayn matbuot anjumanida aytib o`tdi.

«Yil oxiriga kelib xastalikka chalinganlar sonining ko`payishi hamda epidemiya yuzaga kelishi mumkinligidan juda qo`rqmoqdamiz. Ayni damda buning oldini olish zarur. Zero, bu biz uchun juda muhimdir», deydi Vuynovich.

Epidemiyaning oldini olish uchun Evropa davlatlari ushbu chaqiriqqa nafaqat sog`liqni saqlash tizimi , balki siyosiy darajada ham harakat qilish zarurligini ta`kidlagan Vuynovichga ko`ra, joriy yilning olti oyida Evropada sil kasalligi o`tgan yilning shu davriga nisbatan kamroq aniqlangan. Ammo bu bemorlar kam degani emas, vaholanki, diagnostika tizimi koronavirus pandemiyasi sabab allaqachon holdan toygan.

JSST vakilining izohlashicha, agar 15 foiz holatlarda sil kasalligini aniqlashning iloji bo`lmasa, keyinchalik bemorlarning ko`payishi 30 foizni tashkil qilishi mumkin.

«Vaziyat juda xavotirli, bu haqda hammaga aytish kerak», — deydi Vuynovich.

Шарҳлар