my5

Qashqadaryoda maktab direktori korrupsiya haqida xat yozib qoldirib, o`zini o`ldirdi. Marhum "yurak hurujidan vafot etgan" qilib ko`mib yuborildi

Jamiyat 18.09.2020, 21:20
2196
Qashqadaryoda maktab direktori korrupsiya haqida xat yozib qoldirib, o`zini o`ldirdi. Marhum "yurak hurujidan vafot etgan" qilib ko`mib yuborildi

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida maktab direktori o`z joniga qasd qilganligi, vafotidan oldin xat yozib qoldirganligi haqida xabarlar tarqaldi. 

Ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lumot taqdim etdi. 

Keltirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Kitob tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tekshirishda marhumning yaqin qarindoshlari murdani sud-tibbiyot ekspertizasi ko`rigidan o`tkazmaslik maqsadida yurak hurujidan vafot etgani vaji bilan jasadni ko`mib yuborishganligi aniqlangan.

Hozirda tuman xalq ta`limi, ichki ishlar bo`limlari hamda maxalla va oilani qo`llab-quvvatlash markazi tuman bo`limining mutasaddi xodimlari harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Ayni paytda "darakchi.uz"ga ma`lum bo`lishicha, marhum 47 yoshda bo`lgan, maktabga ikki yil avval rahbar qilib tayinlangan. Rahbar o`zi ishlab turgan maktabning hojatxonasida o`zini osgan. U ushbu lavozimga tayinlanish uchun nechta odamlardan katta miqdorda qarz ko`targan. So`nggi kunlarda marhumdan olingan qarzni so`rab keluvchilar soni ko`paygani aytilmoqda. Biz o`sha hududda istiqomat qiluvchi va tumandagi boshqa maktablarda ishlovchi o`qituvchilar bilan suhbatlashar ekanmiz, ayni paytda hududda marhumni maktabda emas, o`z xonadonida joniga qasd qilgan deya rasmiylashtirishga urinishlar bo`layotganini ma`lum qilishdi.  U bilan ishlaganlar va bilganlar marhum 47 yoshli erkakni o`z sohasining ustasi, biroq, qo`rqoqroq inson sifatida eslashdi.  

Bu boradagi voqealar rivoji bo`yicha yana ma`lumotlar taqdim etamiz. 

 

 

Шарҳлар