Avval xabar qilinganidek, Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 18 sentyabr kuni ichimlik suvi ta`minoti va kanalizasiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.
Joriy yil 17 iyul kuni o`tgan videoselektor yig`ilishida sohadagi muammolar muhokama qilinib, ishni yangicha tartibda tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berilgan edi.
Shunga muvofiq, ichimlik suvi ta`minoti va kanalizasiya tizimidagi loyihalarni tayyorlash, amalga oshirish va monitoring qilish, shuningdek, tariflarni belgilashni mahalliy kengashlar bilan kelishish tartibi joriy qilinmoqda.
Misol uchun, Olmaliqdagi ichimlik suvi ta`minoti korxonasiga qarashli 52 ta nasos yangilanishi natijasida korxonaning umumiy xarajati 22 foizga, elektr energiyasi sarfi 2 baravarga qisqargan. Shahar aholisi sifatli ichimlik suvi bilan uzluksiz ta`minlanmoqda. Xuddi shuningdek, so`nggi 3 yilda amalga oshirilgan loyihalar natijasida Guliston shahrining ichimlik suvi ta`minoti masalasi ham to`la hal bo`ldi.
Yig`ilishda Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligiga ushbu tajriba asosida kelgusi yil uchun mo`ljallangan 28 ta yangi loyihani mahalliy kengashlar bilan kelishish vazifasi qo`yildi. Shuningdek, joriy yilda yakuniga etkaziladigan 360 ta loyihani qabul qilib olish bo`yicha topshiriq berildi.
Hisob-kitoblarga ko`ra, qariyb 2 mingta aholi punktiga markazlashgan suv etkazib berish texnik jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham maqsadga muvofiq emas. Shu bois bunday hududlarni xususiy sektor orqali suv bilan ta`minlash ma`qul kelmoqda.
Misol uchun, O`zbekiston tumanida ijtimoiy sheriklik asosida quduq ishga tushirilib, 6 ta uzoq qishloqdagi 11 ming aholi ichimlik suvi bilan ta`minlangan edi. Bunga ketgan xarajatlar 2 yilda o`zini qopladi. Shuningdek, Amudaryo tumanida 8 ta suv tozalash shoxobchasi qurilib, 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 7 ta mahalla toza ichimlik suvi bilan ta`minlangan. Loyiha 3 yilda o`zini oqlaydi.
Bu tizimning qulayligi shundaki, ichimlik suvi ob`ektlari qurish va uskunalar xarid qilish uchun xususiy sektorga kredit berilib, uning 14 foizidan yuqori qismiga davlat tomonidan subsidiya ajratiladi. Bugungi kunda ko`plab tadbirkorlar shunday loyihalarda ishtirok etish istagini bildirmoqda.
Yig`ilishda mamlakat bo`ylab 27 ta tumanda ichimlik suvi bilan ta`minlash ishlari tanqid qilindi. Mavjud 70 ming kilometr suv quvurlarining 32 foizi eskirgan. Oqibatda ulardagi yo`qotishlar darajasi 40-50 foizni tashkil etmoqda. Bu yiliga qariyb 500 million kub metr suv yoki o`rtacha 300 milliard so`m degani. Bundan tashqari, joylardagi nasos uskunalari va maxsus texnikalar ham ta`mirtalab bo`lib qolgan.
Shu bois kelgusi yildan investisiya dasturlarida sohaga ajratilayotgan mablag`ning 10 foizini suv ob`ektlariga energiya tejovchi uskunalar o`rnatish hamda maxsus texnikalar xarid qilish uchun yo`naltirish zarurligi ta`kidlandi.
Videoselektor yig`ilishida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob`ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi.

Bu yil qish sovuq kelib, havo harorati oldingi yillarga nisbatan 2-5 daraja past bo`lishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga tuman va shaharlardagi haqiqiy holatdan kelib chiqib, kuz-qishga tayyorgarlik yuzasidan Toshkent shahrining 12 ta tumani, Qoraqalpog`iston va har bir viloyat bo`yicha alohida-alohida qaror qabul qilish topshirildi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Toshkent shahri tumanlariga, Bosh vazirning birinchi o`rinbosari viloyatlarga shu masalalar bo`yicha mas`ul etib biriktirildi. Tayyorgarlik ishlarini, eng avvalo, bu borada ahvol og`ir bo`lgan 56 ta tuman va shahardan boshlash kerakligi ta`kidlandi.
1 noyabrga qadar 3 mingdan ziyod ta`mirga muhtoj ko`p qavatli uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, 131 ta ijtimoiy soha ob`ektini mukammal va 3 mingtasini joriy ta`mirlash vazifasi qo`yildi. Tibbiyot va ta`lim muassasalarining tayyorgarlik holati ko`rib chiqildi.
Bu yil kuz-qish mavsumi uchun 6 million tonna ko`mir mahsulotlari zarurligi qayd etilib, ularni g`amlash va etkazib berish bo`yicha chora-tadbirlar belgilandi. Ko`mir arzon bo`lishi uchun uni import qiluvchi tadbirkorlarga temir yo`lda tashish bo`yicha chegirma berish muhimligi ta`kidlandi.

Bosh prokuraturaga ko`mir narxini asossiz oshirib yuborish, tamagirlik va talon-toroj holatlarining oldini olish yuzasidan ko`rsatma berildi.
“Hududgazta`minot” aksiyadorlik jamiyatiga tabiiy gaz tanqis hududlarga 385 ming tonna suyultirilgan gaz etkazib berish vazifasi qo`yildi.
Joriy mavsumda elektr energiyasiga talab o`tgan yilgiga nisbatan 7,5 foiz ko`p bo`lishi kutilmoqda. Bu soha barqaror ishlashi uchun issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz va mazut bilan ta`minlash, elektr tarmoqlari, podstansiya va transformatorlarni ta`mirlash muhimligi ta`kidlandi.
Videoselektor yig`ilishida hukumat a`zolari, tegishli tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.

