Bugun Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Sevara Ubaydullaeva ishtirokida brifing o`tkazildi. Unda dolzarb savollar yuzasidan javob qaytarildi.
Savol: COVID-19ga chalinib zotiljam bo`lgan va tuzalganlarga grippga qarshi vaksina qilish mumkinmi? Qanday holatlarda emlash mumkinmas?
–COVID-19 bilan kasallanib tuzalgan bemorlarga grippga qarshi vaksina qilish mumkin.
Grippga qarshi vaksina bir yillik vaksina bo`lib, u har yili uchrashi mumkin bo`lgan grippning shtammlariga qarshi ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, bu vaksina bilan inson organizmi aynan grippning shu shtammlariga qarshi immunitet hosil qiladi. U kovid bilan kasallangan va tuzalgan bemorlarini kuz-qish mavsumida grippning keladigan shtammlaridan ma`lum darajada himoya qiladi yoki kasallikni engil kechishini ta`minlab beradi.
Emlash kimlarga mumkin emas?
Ortirilgan immun tanqis holatlar, ya`ni OITS kasalligini turli bosqichlarida;
vaksina tarkibidagi ad`yuvanti, ya`ni vaksina ishlab chiqilgan asosiy vosita va qo`shimchalariga nisbatan allergik holat;
bolalarda miyaning organik qismida o`zgarish keltirib chiqaruvchi nevrologik kasalliklarni zo`rayib borishi davri.
Barcha somatik kasalliklar avj olish davrida tana haroratining 38° S dan yuqori ko`tarilishi, diareya, ich ketish, qusish, tutqanoqlar, qon bosimini ko`tarilishi yoki tushishi, kuchli og`riq sindromida va hokazolar o`tib ketganidan keyin shifokor ko`ruvidan o`tib sog`lom deb tashxis qo`yilganida, tibbiyot muassasida shifokor-immunolog, pediatr yoki terapevt nazorati ostida emlanish kerak.