Aksariyat kasalliklarning boshlanishiga noto`g`ri ovqatlanish sabab bo`lishi isbotlangan. Tibbiyot fanlari doktori, onkoxirurg Olimjon G`ulomov o`zining yuzlab jarrohlik amaliyotlari, ilmiy izlanishlari sabab oshqozon ichak kasalliklari borasida o`z xulosa va tajribalariga ega. Malakali olim bilan suhbatda oshqozon kasalliklarining kelib chiqishi, rivojlanish jarayoni, uni samarali davolash, shuningdek, kundalik sharoitda bilishimiz lozim bo`lgan jihatlar haqida so`z boradi. — Tibbiyotda ovqatlanish madaniyatiga inson salomatliging asosiy tayanchlaridan biri deb qaraladi... — Insonda qanday kasallik kuzatilsa, organizmdagi qonuniyatlardan birortasining buzilishi bilan bog`laymiz. Agar biz ovqatlanish me`yoridan chetga chiqsak, oshqozon, o`n ikki barmoqli ichak va qizilo`ngachda turli xil kasalliklar boshlanishiga zamin yaratgan bo`lamiz. Gastrit, qizilo`ngachdagi yallig`lanishlar kabi kasalliklar pala-partish va noto`g`ri ovqatlanish sabab yuzaga keladi. Ertalab nonushta qilayotganimizda «nima yangiliklar bor ekan», deya telefonimizni qo`lga olamiz. Nima iste`mol qilayotganimizni unutamiz. Qanday ovqat iste`mol qilishimizga qarab, oshqozon oldindan shira ajratadi. Biz esa, organizmimizni eshitmaymiz, unga qanday vitamin yoki mahsulot etishmayapti, bundan bexabarmiz. Ovqatlanish bevosita immunitet tizimiga ham ta`sir ko`rsatadi. Nimaga hozirda koronavirus ayrim insonlarda engil o`tyaptiyu, ayrim insonlarda og`ir o`tib, hatto o`lim holatigacha olib boradi? Bularning barchasi bizning immunitetimizga bog`liq. Immunitet esa o`z-o`zidan to`g`ri ovqatlanish bilan chambarchas bog`liq. O`z vaqtida ovqatlanib, organizmingizga katta yaxshilik qilgan bo`lasiz. Qolaversa, iste`mol qilinayotgan taom kaloriyasi bilan sarf qilinayotgan energiya ham teng bo`lishi kerak. Ayniqsa, kechgi taom sifatida engilroq hazm bo`ladigan ovqatlarni menyuga kiritish zarur. Uyqudan 2-2,5 soat avval biz kechgi taomni iste`mol qilgan bo`lishimiz kerak. Uyquga yotayotgan vaqtimizda ovqat hazm bo`lishi shart, chunki oshqozon ham dam olishga haqli. — Surunkali yallig`lanishlar haqida ham to`xtalib o`tsangiz… — Ko`pchilik bemorlar o`t qopimda muammo bor, deb kelishadi. Siz shu muammo borligini bilarkansiz, tuzatish uchun nima qildingiz, deb so`rayman? Oshqozonda og`riq bo`lsa, ishtaha yo`qolsa, aksa kuzatilib, jig`ildon qaynasa, ovqatlanganda undan rohat sezilmasa ham bunga e`tiborsiz yuradigan insonlar ko`p. Hatto bir necha kun davomida kuzatilgan og`riqning o`tib ketishiga umid qilib yashashadi. Bunaqa paytda «o`tib ketadi» deb kutish kerak emas. O`tsa ham bu vaqtinchalik. Buning sababini aniqlash kerak. — Oshqozon og`riganda, odatda «og`riq qoldiruvchi dori ich, o`zingga kelasan», degan gaplarni ko`p eshitganmiz. Shu bilan cheklanish to`g`rimi? — Eng avvalo, og`riq nimaligini bilib olishimiz kerak. Og`riq — organizmda kechayotgan kasallikni ong ostiga etkazib berish signali hisoblanadi. Shifokorlar og`riqning turiga qarab, bemordan so`rab tashxis qo`yadi. Bemor shifokorning savollariga to`g`ri javob berishi lozim. Ichki a`zolarni tashxislash murakkab jarayon. Masalan, appendesit 99 foiz jarrohlik yo`li bilan davolanadi. Bunaqa paytda «qornimda og`riq bor», deb dori ichib yurilsa, ichak yorilib ketishi mumkin. Bu esa inson hayoti uchun xavfdir. Biz uchun oddiy ko`ringan og`riq qoldiruvchi dorilarni ham shifokor ko`rsatmasisiz ichib bo`lmaydi. Bu ayrim kasalliklarda jarayonni yanada tezlatib yuborishga sabab bo`lishi mumkin. Oshqozon ichak kasalliklarini taxshislash uchun eng samarali tekshiruv usuli — endoskopiya hisoblanadi. Maxsus naychadagi kamera oshqozon ichak kasalliklarini aniq tashxislash uchun xizmat qiladi. Bu esa to`g`ri davolash choralarini ko`rishga hissa qo`shadi. |
22.09.2020 23:50
Ichki kasalliklarning eng yaxshi davosi to`g`ri ovqatlanishdir
