my5

4 oktyabrdan Umra ibodatini amalga oshirishga ruxsat beriladi

Dunyo 23.09.2020, 19:37
538
4 oktyabrdan Umra ibodatini amalga oshirishga ruxsat beriladi

Saudiya Arabistoni hukumati 4 oktyabrdan Umra ibodatini amalga oshirish uchun ruxsat berishni boshlaydi. Bu haqda SPA hukumat axborot agentligi 22 sentyabr kuni xabar bergan.

Umra muqaddas Makka shahrida amalga oshiriladigan ibodatdir. Lekin, Hajdan farqli o`laroq Umradagi amallar bir necha soat ichida ado etib bo`linadi va Umrani yil bo`yi bajarish mumkin.

Umraga ruxsat berish asta-sekinlik bilan bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Unga ko`ra, birinchi bosqichda Saudiya fuqarolari va ayni paytda Qirollik hududida bo`lib turgan boshqa davlat fuqarolari 4 oktyabrdan Umrani amalga oshirishlari mumkin bo`ladi. Koronavirusdan himoyalanish ko`rsatmalariga rioya qilish uchun Masjidul Xaramga keladigan musulmonlarning soni hudud sig`imining 30 foizinigina egallaydigan darajada kamaytiriladi. Bu cheklovdan keyin Majidul Xaramga har kuni 6000 nafar musulmon kirib, ibodatni bajaradi.

Ikkinchi bosqichda esa 18 oktyabrdan Saudiya fuqarolari va bu erda yashayotgan xorijliklarning Umra bilan birga Madinadagi Masjidul Nabaviyga borishlariga ham ruxsat beriladi. Bu bosqichda masjid sig`imi 75 foizgacha to`ldiriladi. Bu Masjidul Xaramga kuniga 15 000 kishi Umra uchun va yana 40 000 kishi namoz o`qish uchun kirishini ta`minlaydi. Madinai munavvaradagi Masjidul Nabaviyning ham 75 foiz sig`imidan foydalaniladi.

Uchinchi bosqichga kelib Saudiyadagi musulmonlardan tashqari xorijdan keladigan musulmonlarga ham Umra eshiklari ochiladi. Bu bosqichga 1 noyabrdan ruxsat beriladi va unda musulmonlar ikki muqaddas masjidga kelishlari mumkin bo`ladi. Uchinchi bosqichdagi cheklovlar koronavirus pandemiyasi rasman tugagunicha yoki uning xavfi o`tib ketgani e`lon qilinguncha davom etadi.

Uchinchi bosqichda Masjidul Xaram va Masjidul Nabaviyning sig`imidan 100 foiz foydalaniladi. Unda har kuni 20 000 kishi Umrani ado etadi va yana 60 000 kishi bu muqaddas masjidda boshqa ibodatlarni amlaga oshiradi.

“Qirollikka xorijdan musulmonlarning kelishiga ruxsat berish asta-sekinlik bilan bo`ladi. Saudiya Sog`liqni saqlash vazirligi koronavirus bo`yicha hech qanday xavf tug`dirmaydigan davlatlarni aniqlaydi va ularning fuqarolari Qirollikka kelishadi” deyiladi bayonotda.

To`rtinchi bosqichda Saudiya o`zining va xorij fuqarolarining mamlakatga kelib, ikki muqaddas masjidda ibodatlarni amalga oshirishlariga ruxsat beradi. Masjidlar 100 foiz sig`imidan foydalanadi. Bu bosqich Saudiya hukumati koronavirus pandemiyasining xavfi yo`q bo`lganini e`lon qilganidan keyin boshlanadi.

Шарҳлар