my5

«Mobil qurilma xarid qilishda uning IMEI-kodi ro`yxatdan o`tganligini tekshirib oling» Qanday qilib?

Hi-tech 24.09.2020, 21:37
1144
«Mobil qurilma xarid qilishda uning IMEI-kodi ro`yxatdan o`tganligini tekshirib oling» Qanday qilib?

  Bugun, AOKAda IMEI-kodlarni ro`yxatdan o`tkazish bilan bog`liq masalalarda ko`rilayotgan chora-tadbirlar to`g`risida brifing bo`lib o`tdi.

Brifingda «O`zbekiston telekommunikasiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» davlat unitar korxonasi direktori Bobur Tillaboev ushbu tizimni joriy etishdan maqsad, mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro`yxatdan o`tkazish tartibi haqida ma`lumot berdi hamda so`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelayotgan fikr-mulohazalarga o`z munosabatini bildirdi.

Ta`kidlanganishicha, ushbu tizimni joriy etishdan maqsad, iste`molchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalarning kirib kelishi hamda uning noquqniy savdosining oldini olishdir.

«Jismoniy shaxslar mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro`yxatdan o`tkazish uchun pasport ma`lumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etishlari talab qilinadi.

Ro`yxatdan o`tkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning  Davlat bojxona qo`mitasi tomonidan o`rnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganligini tekshirish maqsadida shaxsning pasport ma`lumotlariga asosan fuqaroning O`zbekiston Respublikasi chegarasini kesib o`tganligi to`g`risidagi ma`lumotlar tekshiriladi.

Shu maqsadda tizim operatori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvini yo`lga qo`ygan. Biroq, ro`yxatdan o`tkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida ro`yxatdan o`tkazuvchi shaxs bilan tizim operatori o`rtasida bevosita kontakt bo`lmasligi sababli fuqarolarning pasport ma`lumotlarini aynan shu shaxsning o`zi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni bo`lmaydi. Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport ma`lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro`yxatdan o`tkazish hollari kuzatilmoqda», — ta`kidladi Bobur Tillaboev.

Uning qayd etishicha, O`zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi IMEI kodlarni ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy ro`yxatdan o`tkazishga urinish singari holatlarga vakolatli organlar bilan hamkorlikda tegishli choralar olib borilmoqda va bu uzluksiz davom ettiriladi.

«Shu o`rinda fuqarolarimizdan respublika hududidan mobil qurilmalarni xarid qilish vaqtida, mobil qurilmaning IMEI-kodlari ro`yxatdan o`tganligini tekshirib olishingizni so`rab qolardik. Tekshirishni 1170 qisqa raqamiga IMEI-kodni SMS orqali jo`natish yoki uzimei.uz sayti orqali tekshirib olishingiz mumkin», — deydi Bobur Tillaboev.

Шарҳлар