my5

Toshkent viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanаyotgan korxona aniqlandi

Jinoyat 25.09.2020, 15:08
376
Toshkent viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanаyotgan korxona aniqlandi

"Hududgaz Toshkent" gaz ta`minoti filiali tomonidan "O`zneftgazinspeksiya" Toshkent viloyati boshqarmasi bilan birgalikda Toshkent viloyatida gaz ta`minoti tizimiga noqonuniy ulanishlarni aniqlash bo`yicha reyd o`tkazildi, deb xabar bermoqda "Hududgazta`minot" AJ matbuot xizmati.

Tekshiruv davomida Yuqorichirchiq tumani "Iyk ota" mahalla fuqarolar yig`inida joylashgan "Tosh Izol" MChJ belgilangan qoidalarni chetlab o`tib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, ohak ishlab chiqarayotgani aniqlandi. Korxona hududidagi 30 tonnalik to`rtta xumdonda esa, 60 ta qo`lbola (nostandart) gorelkalar o`rnatilgan. Mazkur MChJ va "Hududgaz Toshkent" gaz ta`minoti bo`limi o`rtasida imzolangan shartnomaga ko`ra, 2 ta bitumni eritish qozoni va va to`rt komforkali pechdan foydalanish uchun MChJning tabiiy gaz iste`moli ko`zda tutilgan edi.

O`rganish natijalariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarorining 11-bob, 125-bandiga muvofiq, qayta hisob-kitob amalga oshirildi. Ma`lumotlarga ko`ra, gaz ta`minoti korxonalariga etkazilgan zarar miqdori 821 664 000 so`mni tashkil etdi.

Reyd davomida yana bir shunga o`xshash holat aniqlandi. Toshkent viloyatining Zangiota tumani, "Bog`ishamol" MFY, Yangiobod ko`chasi 16-uyda yashovchi fuqaro B.Innatovning xonadoni hovlisida qayta tekshiruv o`tkazildi. Joriy tekshiruv mazkur xonadonda to`rtinchi marta o`tkazilmoqda, qonunbuzarligidan tavba qilmagan bu fuqaro tabiiy gaz tarmoqlariga o`zboshimchalik bilan ulanib noqonuniy tarzda ohak pechlarini ishlatib kelgan.

Ta`kidlash joizki, ushbu manzilda birinchi tekshiruv 2020 yil 18 yanvarda o`tkazilgan bo`lib, tekshiruv davomida uy egasiga gaz ta`minoti tizimiga noqonuniy ulanganligi uchun 214 182 000 million so`m miqdorida zarar hisoblangan. Ikkinchi tekshirish 2020 yil 6 mart sanasida o`tkazilgan, natijada etkazilgan zarar 9,3 million so`mdan oshgan. Fuqaro B.Innatov uchinchi marta ham tegishli ruhsatlarsiz gaz ta`minoti tizimiga ulanib olgan. 2020 yil 20 mart kuni o`tkazilgan navbatdagi reyd natijasida, fuqaro B.Innatovning noqonuniy xatti-harakatlari ortidan gaz etkazib beruvchi tashkilotlarga jami 2,1 million so`mdan ziyod zarar etkazgani aniqlangan.

Bir necha marotaba gaz tarmog`idan uzib tashlanishi va jarima to`lovlariga qaramay, fuqaro B.Innatov to`rtinchi marotaba ham ohak pechini tabiiy gaz ta`minoti tarmog`iga noqonuniy ravishda ulab oldi. Buning natijasida, gaz ta`minoti tashkilotlariga etkazilgan zarar, hisob-kitoblarga ko`ra, 58 406 000 so`mni tashkil etmoqda.

Qayd etilgan qonunbuzarliklar bo`yicha barcha materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etildi. Respublikamizning barcha hududlarida shu va shu kabi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarni aniqlash bo`yicha tekshiruvlar davom etmoqda.

Шарҳлар