BMTning xabar berishicha, Sharqiy Sudanda iyul oyidan beri yuz berayotgan vayronkor suv toshqinlari 600 mingdan ortiq odamning o`z uylarini tashlab ketishiga majbur qildi. Sharqiy Sudanda bir necha oylik kuchli yomg`irlardan keyin Nil daryosi o`zanidan toshib chiqqandi.
Sharqiy Afrikada joylashgan Sharqiy Sudan davlati suv toshqinlaridan oldin ham oziq-ovqat etishmovchiligidan aziyat chekayotgandi. Shuningdek, ayni paytda bu mamlakat besh yil davom etgan fuqarolar urushidan keyin tiklanishda ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Bundan tashqari koronavirus pandemiyasi ham Sudan uchun katta bosh og`rig`i bo`lmoqda.BMTning gumanitar yordam bo`yicha Sharqiy Sudandagi koordinatori Alayn Nudehouning aytishicha,koronavirus sabab bu erga gumanitar yordam etkazib berish narxlari ko`tarildi,shuningdek,yordam beradigan guruh a`zolarini himoyalashga ehtiyoj tug`ildi.
“Suv toshqinlari sabab odamlar balandroq bo`lgan erga qochishga majbur bo`lishdi, lekin, bu erda balandroq bo`lgan hududlar ko`p emas” dedi Nudehuo payshanba kuni suv toshqinlaridan zarar ko`rgan joylarga qilgan tashrifi chog`ida. Uning so`zlariga ko`ra, BMT toshqinlardan jabr ko`rganlarga yordam berish uchun 10 milllion AQSh dollari ajratgan. Lekin, yil oxirigacha yana 40 million dollar mablag` kerak bo`ladi.
“Suvning balandligi tanamning deyarli yarmiga etdi. Men va nevaralarim uchun hech qanday boshpana qolmadi. Bizning podamiz o`ldi va biz daraxt tagida tunamoqdamiz” deydi Dorok qishlog`ida yashaydigan 70 yoshli Kok Manyok suvni kechib o`tar ekan.
Ma`lumot uchun, Sharqiy Sudan 2011 yilda Sudandan ajrab chiqib, mustaqil mamlakatga aylangan. Lekin, mustaqillikdan ikki yil o`tib bu erda fuqarolar urushi boshlandi. Bu urush 2018 yilda lider partiyalar o`rtasida tuzilgan tinchlik shartnomasidan keyin tugadi. Ammo, hamma harbiy guruhlar ham ushbu kelishuvni imzolamagan. Shuning uchun Sharqiy Sudanda hamon kichik to`qnashuvlar davom etmoqda.