Falsafa, adabiyot va pedagogika fanlari bo`yicha taniqli olim, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Jumanazar Bazarbaev shu yil 25 sentyabrda 87 yoshida vafot etdi.
J.Bazarbaev 1933 yil 13 noyabrda Muynoq tumanida tug`ildi. 1955 yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini tugatib, mehnat faoliyatini ushbu dargohda katta o`qituvchi sifatida boshladi. Keyinchalik Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti) aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, so`ngra doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko`p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi.
Iste`dodli olim 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida O`zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog`iston bo`limining Tarix, til va adabiyot instituti direktorining ilmiy ishlar bo`yicha o`rinbosari, bo`lim boshlig`i, Nukus davlat universiteti (hozirgi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti) falsafa kafedrasining mudiri, Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta`limi vaziri, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining rektori, kafedra mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va ta`lim sohalarini rivojlantirish hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo`shdi.
Zahmatkash olimning falsafa sohasining dolzarb nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan 500 dan ziyod ilmiy maqolalari, 30 yaqin kitob va monografiyalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi o`rtasida yaxshi ma`lum.
Katta tashkilotchilik salohiyatiga ega bo`lgan J.Bazarbaev 1990-1995 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi deputati sifatida samarali faoliyat ko`rsatib, mamlakatimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish jarayonlarida munosib ishtirok etdi.
Akademik J. Bazarbaevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpog`iston Respublikasi davlat mukofotiga sazovor bo`lgan edi.
26.09.2020 22:19
O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi
