Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Kun tartibida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash masalasi ham ko`rib chiqildi.
Jamoat fondi tomonidan e`lon qilingan “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” shiori ostida davlat granti o`sib kelayotgan yosh avlodni ma`nan etuk, jismonan sog`lom etib tarbiyalashga, ularda tadbirkorlik, ilmiy-ijodiy va intellektual salohiyatni shakllantirish hamda aholining sog`lom turmush tarzini qaror toptirish, ekologik, tibbiy madaniyatini oshirishda, ijtimoiy tadbirkorlik, tashabbuskorlik, fidoyilik, axloqiy fazilatlarni shakllantirishga doir mavzuda o`tkazildi. Tanlovga jami 9 milliard 565 million 672 ming so`mlik 220 dan ortiq fuqarolik jamiyati institutlaridan 245 ta loyiha qabul qilindi.
Parlament komissiyasining ko`rib chiqishi natijalari va qarori asosida NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 53 ta loyihasini 2 milliard so`mga moliyalashtirish rejalashtirildi.
Shuningdek, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun — qonun ustuvorligi va jamoatchilik nazoratini ta`minlashda demokratik institutlarining faolligini qo`llab-quvvatlash” mavzusidagi grant tanloviga jami 83 ta fuqarolik jamiyati institutining 3 milliard 496 million 157 ming so`mlik 89 ta loyihasi qabul qilingan. Parlament komissiyasining ko`rib chiqishi natijalari va qarori asosida, NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 44 ta loyihasi 1 milliard 750 million so`mga moliyalashtiriladigan bo`ldi.
26.09.2020 22:36
NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 100 ga yaqin loyihalari qariyb 4 mlrd so`mga moliyalashtiriladigan bo`ldi
