Yunusobod tumanida ayanchli YTH sodir bo`ldi. Ushbu hodisa yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy ma`lumotlarni taqdim etdi.
Ma`lum bo`lishicha, kecha, 28 sentyabr kuni taxminan soat 22.30 da Bog`ishamol ko`chasida (“Metro” kafesining ro`parasida) Toshkent viloyatlik 29 yoshli Dmitriy B. “Spark” rusumli avtomobilni (davlat raqami 01 969 AGA) boshqarish davomida hozirgi taxminlarga ko`ra qarama-qarshi harakat yo`liga chiqib, 22 yoshli T. A. boshqaruvidagi “Hyundai Tucson” (davlat raqami 10 009 XAA) avtomobiliga to`qnashgan.
To`qnashuv natijasida “Spark” avtomobili haydovchisi, uning yo`lovchilari bo`lmish 30 yoshli Sergey B., 30 yoshli erkak (ismli aniqlanmoqda) va 35 yoshli Marat B, “Hyundai Tucson” haydovchisi va uning yo`lovchisi 26 yoshli Yunus T.lar badan shikastlari bilan shifoxonaga etkazildilar. Shifoxonaga borish davomida Sergey B. hayotdan ko`z yumdi. Marhumning yaqinlariga ta`ziya izhor etamiz.
Yo`l-transport hodisasining tergov oldi tekshiruv davom etmoqda, deyiladi xabarda.