my5

Shov-shuv bo`layotgan o`zbek qizlarini Koreya fuqarolariga turmushga berish uchun tayyorlayotgan markaz faoliyati yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi (video)

Jamiyat 30.09.2020, 09:29
2658
Shov-shuv bo`layotgan o`zbek qizlarini Koreya fuqarolariga turmushga berish uchun tayyorlayotgan markaz faoliyati yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi (video)

So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda o`zbek qizlarini Janubiy Koreya fuqarolariga turmushga berish uchun tayyorlayotgan markaz faoliyatiga oid videolavha tarqaldi va jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. 

Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi mazkur videolavhadagi o`quv markazi faoliyati o`rganilganini ma`lum qilib, munosabat bildirdi.

Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi tomonidan olib borilgan o`rganishlar davomida mazkur videolavha Toshkent shahar Yakkasaroy tumani “H.Sulaymonov” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi 2-Mirobod ko`chasi 35 uyda joylashgan “SEJONG HAKDANG” o`quv markazida tasvirga olingani ma`lum bo`ldi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan, mazkur maskanning o`zbek qizlarini Janubiy Koreya davlati fuqarolariga turmushga berish bilan shug`ullanayotgani holati yuzasidan olib borilgan surishtiruvlar natijasiga ko`ra quyidagilar aniqlandi.

“SEJONG HAKDANG” o`quv markazi respublikamizda 1992 yilda qonuniy asosda tashkil etilgan bo`lib, hozirgi vaqtga qadar yurtimiz fuqarolariga koreys tili va madaniyati, koreys milliy taomlarini o`rgatish maqsadida faoliyat yuritib kelmoqda. “SEJONG HAKDANG” o`quv markazi rahbari Xo So Xeng tomonidan berilgan ma`lumotlarga ko`ra, mazkur maskanda hozirgi vaqtda 350 nafar o`quvchi tahsil olmoqda. Ularning 31 nafari Janubiy Koreya davlati fuqarolariga turmushga chiqishgan.

Bu erda tahsil olayotgan fuqarolar koreys tili va madaniyati, koreys milliy taomlarini onlayn o`quv mashg`ulotlari asosida, maxsus darsliklar yordamida o`rganishmoqda.

O`quv markaz rahbari Xo So Xeng bilan olib borilgan suhbat davomida olingan ma`lumotlarga ko`ra, 2020 yil 7 sentyabr kuni mazkur maskanda navbatdagi o`quv mavsumining ochilish marosimi bo`lib o`tgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, yuqorida to`xtalib o`tilgan videolavha aynan shu tadbirdan olingan. Bu erda tahsil olayotgan xotin-qizlar o`quv markazi tomonidan berilgan e`lonlar asosida murojaat qilishgan.

O`quv markazidagi darslar haftasiga uch marotaba o`tkaziladi. Uch oylik o`quv mashg`ulotlaridan so`ng tinglovchilarga maxsus sertifikatlar beriladi.

O`quv markaz rahbari Xo So Xengning ta`kidlashicha, “SEJONG HAKDANG” o`quv markazi o`z o`quvchilariga faqat koreys tili va madaniyati, shuningdek, qiziquvchilar uchun koreys milliy taomlarini o`rgatish bilan shug`ullanadi. Ularni chet elga yuborish yoki Janubiy Koreya davlati fuqarolariga turmushga chiqishlarini tashkil etish bu o`quv maskani maqsadlariga kirmaydi. Bu erda tahsil olayotgan, koreys fuqarolariga turmushga chiqqan o`zbek qizlarining ular bilan tanishuvi yoki oila qurishiga mazkur o`quv markazining aloqasi yo`q. Bu fuqarolar turmushga chiqib, o`rnatilgan tartibda nikohni qayd etgandan so`ng bu o`quv markaziga murojaat qilishgan.

"Shu o`rinda o`z taqdirini ko`r-ko`rona boshqa millat vakillari bilan bog`layotgan o`zbek qizlariga hayotga teranroq qarab, chet elga turmushga chiqqan ba`zi yurtdoshlarimizning ayanchli qismatidan to`g`ri xulosa chiqarishlarini so`rab qolamiz.

Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda “SEJONG HAKDANG” o`quv markazining kelgusi faoliyati atroflicha o`rganib borilishini ma`lum qilamiz", deyiladi vazirlik xabarida.

 

Шарҳлар