my5

Sinoptiklar O`zbekistonda oktyabr oyida ob-havo qanday bo`lishi haqida xabar berishdi

Jamiyat 30.09.2020, 18:23
2406
Sinoptiklar O`zbekistonda oktyabr oyida ob-havo qanday bo`lishi haqida xabar berishdi

O`zbekiston Meteorologiya xizmatining ma`lum qilishicha, bu yil ham, odatda O`zbekistonda kuzatiladigandek, mamlakatimiz hududining katta qismida ob-havo asosan quruq va kam bulutli, kuchsiz shamolli bo`ldi. Tog`oldi va tog`li tumanlarda 2-3 marta asosan kuchsiz va o`rtacha jadallikdagi qisqa muddatli yomg`irlar kuzatildi.

Sentyabr oyining birinchi yarmi issiq bo`lib, harorat 27-30 daraja, oyning birinchi kunlarida 32-35 darajagacha ko`tarildi. Oyning ikkinchi yarmi esa odatdagidan salqinroq bo`ldi.

Oktyabr oyi quruq ob-havo bilan boshlanmoqda.

1-5 oktyabr kunlari butun respublika bo`yicha ob-havoning kam bulutli va yog`ingarchiliksiz bo`lishi kutilmoqda. Shamol asosan sharqiy yo`nalishda esadi va kuchsizdan o`rtachagacha o`zgarishi mumkin. Harorat kechasi 5-10 daraja, shimolda 2-7 daraja iliq, kunduzi 20-25 daraja bo`ladi.

Umuman oktyabr oyi ham harorat rejimi, ham yog`inlar miqdori bo`yicha o`rtacha ko`p yillik qiymatlarga yaqin bo`lishi kutilmoqda, biroq ayrim joylarda yog`ingarchilik me`yordan ortiq bo`lishi mumkin.

Iqlimiy me`yorlarga ko`ra, oktyabrda O`zbekistonning janubiy viloyatlarida 3 dan 5 gacha, qolgan hududlarda 5 dan 7 gacha yog`ingarchilikli kunlar bo`ladi. Yog`inlar asosan yomg`ir ko`rinishida, harorat keskin soviganda yomg`irning qorga qisqa muddatli o`tishi ehtimoli bor. Toshkentda so`nggi marta 2018 yilda yomg`irning qorga o`tishi qayd etilgan.

O`rtacha ko`p yillik tungi harorat 6-11 daraja iliqni tashkil qilsada, biroq ko`pincha oktyabrda, ayniqsa uning ikkinchi yarmida, ilk kuzgi ayoz kuzatiladi.

Oktyabrda kunduzgi harorat 23-28 darajadan 10-15 daraja iliqqacha o`zgarib turadi.

Albatta, tabiat «o`zini ko`rsatadi» va ba`zan amaldagi harorat va yog`inlar miqdori ko`p yillik davr uchun o`rtachalashtirilgan qiymatlardan ancha farq qilishi mumkin.

Toshkentda, masalan, meteorologik kuzatuvlarning yuz yillik tarixida ayrim yillarda oktyabrdagi eng yuqori harorat 33-36 daraja issiqni tashkil qilgani qayd etilgan. Oktyabr haroratining absolyut maksimumi 37,5 daraja bo`lib, bu rekord 1941 yilga tegishlidir.

Toshkent uchun oktyabr oyidagi eng past harorat 11,2 daraja sovuqni tashkil qiladi va bu ko`rsatkich ancha oldin — o`tgan asrning boshida qayd etilgan. Oxirgi 20 yil ichida Toshkentdagi minimal harorat 1-2 daraja sovuqdan past bo`lmagan.

2015 yil oktyabrida poytaxtimizda eng ko`p yog`igarchilik bo`lgani qayd etilgan. O`shanda yoqqan yog`inlar miqdori oktyabr oyi me`yoridan 3,5 marta ko`p bo`lgan.

2002 yil oktyabrida esa Toshkentda umuman yog`ingarchilik kuzatilmagan.

Meteorologik kuzatuvlar solnomasini o`rganib, ana shunday qiziqarli faktlarni topish mumkin.

Шарҳлар