my5

"Mudom e`zozdasiz mehri daryo ustozlar!" FVV kapitanidan bayram tabrigi

Jamiyat 30.09.2020, 22:15
368
"Mudom e`zozdasiz mehri daryo ustozlar!" FVV kapitanidan bayram tabrigi

Dunyoda kasblar ko`p. Ammo ular ichra eng ulug`i o`qituvchilikdir. Zero, har bir kasb egasi muallim qo`lida o`z yo`lini topadi. Inson yo`qki, ustoz-muallim sabog`isiz kamolga etgan bo`lsa! Xalqimiz o`qituvchi-pedagoglarni bejiz qadrlab, ko`klarga ko`tarmaydi. 

Shu o`rinda ma`rifatparvar allomamiz Abdulla Avloniyni  «Har  bir  muallimning  saodati,  davlatimizning  tinchi  va rohati  yoshlarning  yaxshi  tarbiyasiga  bog`liqdir»,  –  degan so`zlari beixtiyor ko`z o`ngimizda gavdalanadi.Shoir tili bilan aytganda,

Deydilar, dunyoda asli kim Aziz,

Aytdilar ustozdir, ustoz begumon,

Tag`in aytdilarki, Aziz shubhasiz,

Ustozlar qadriga etolgan inson.

Darhaqiqat, biz yosh avlodni ma`nan etuk, tafakkur olami keng va bilimli insonlar etib tarbiyalayotgan o`qituvchi-murabbiylar timsolida ertangi kunimizning porloq kelajagini, jonajon Vatanimiz taraqqiyoti uchun sidqidildan xizmat qiluvchi o`g`il-qizlarimiz baxtini ko`ramiz.

Yuragi g`ayrat-shijoatga to`la, yoshlar tarbiyasi yo`lidagi mas`uliyatli vazifani o`z zimmalariga olgan aziz, mehridaryo ustoz-murabbiylarimiz doimo e`zozda.

Albatta, bizni shunday baxtli kunlarga etishishimizda yoshligimizdan ta`lim-tarbiya bergan ustozlarimizni xizmatlari beqiyos!

Dunyoda ustozning mehnatidan og`ir mehnat yo`q. Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma`rifiy va ma`naviy salohiyati ta`lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta`lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko`p jihatdan o`qituvchi va murabbiylarga bog`liq.

Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, ma`rifat bog`ining bog`bonlaridir. Ular hayot bo`stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qiladi. Shuning uchun ham uning shogird ustidagi haqqi benihoya katta va ulug`dir. Ustoz shogirdini o`z farzandidek ko`radi.

Muhtaram Prezidentimiz ta`kidlaganidek: «Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo`yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo`lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o`qituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulug` xizmatingizni yuksak qadrlaymiz».

Ota-bobolarimiz Vatan, ota-ona va ustoz tushunchalarini uyg`unlashtirib, ularni doimo ardoqlashga da`vat etgan. Bugun ham shu azaliy silsilaning uzviy davomi sifatida elu xalqimiz o`zining ustoz-muallimlarga cheksiz hurmat-ehtiromi ifodasi sifatida
1 oktyabr sanasini O`qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlamoqda.

Muxtasar qilib aytganda, xalqimizda «Ustoz otangdek ulug`» degan hikmatli naql bejizga aytilamagan. Zero, bugungi kunning yoshlari aziz ustozlarimizni ardoqlab, ularning o`gitlaridan, hayotiy tajribalaridan va har bir hikmatli so`zlaridan o`rnak olsak, kelgusida jonajon Vatanimizga munosib yosh kadrlarni etishtirib chiqarishimizda eng muhim mezon bo`lib xizmat qiladi.

 

 

Farhodjon XOJAEV,

O`zbekiston Respublikasi 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Akademiyasi o`qituvchisi, kapitan.

Шарҳлар