Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasini davolashda «Gidroksixloroxin», «Remdesivir» preparatlari haqida turlicha xabarlar tarqalmoqda. Ularning virusni davolashda foydasi bormi? Qanday bemorlarga, kasallikning qay darajasida qo`llash tavsiya etiladi? Bu savollarga SSV Matbuot xizmati vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi E`zozbek Rizaevdan javob oldi.
— Dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni tobora ortib bormoqda. Hanuz virusni to`liq bartaraf etuvchi dori vositasi yaratilgani yo`q. Ammo shifokorlar, dunyo olimlari o`z ilmiy izlanish va tadqiqotlarida virusni davolashda qo`llanadigan yondosh dori vositalari kompleksi bilan insonlarning salomatligini tiklashga harakat qilishmoqda.
Ma`lumki, hududlarning iqlim sharoiti, aholisining yashash tarzi, qon guruhlari va boshqa omillar turlicha bo`lgani sabab infeksiya har bir hududda o`zgacha mutasiyaga uchrab, turli ko`rinishlarda namoyon bo`lmoqda. Shu bois ham bir mamlakatda foydali deb topilgan dori vositasi boshqasida samara bermasligi mumkin. Bu esa virusdan davolanish bo`yicha turlicha ko`rsatma va tavsiyalar paydo bo`lishiga sabab bo`lib, odamlar orasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Masalan, ayrim mamlakatlarda «Gidroksixloroxin» dorisi virusni davolashda samara bermayotgani aytilmoqda. Ammo bu dori vositasi O`zbekiston hududidagi virus shtampini davolashda o`zining ijobiy natijasini ko`rsatmoqda. Bizga ma`lumki, virus inson organizmiga kirgan paytda nafas yo`lining yuqori qismida o`rtacha 4 kun davomida saqlanib turadi. «Gidroksixloroxin» kasallikning ayni mana shu davrida o`zining yuqori samaradorligini namoyish etadi. Ammo virus o`pkaga etib borganidan so`ng «Gidroksixloroxin» dorisi foyda bermaydi. Shu sababdan ham kasallikning boshlang`ich davrida ushbu preparatni qo`llash foyda bermoqda.
Dunyo olimlari, xususan, Marsel universiteti izlanuvchilari koronavirusni ushbu preparat yordamida va uni ishlatmasdan bemorlarni davolab ko`rdi. Kasallikning ilk kunlarida «Gidroksixloroxin» dorisini qabul qilgan bemorlarning 6 nafardan besh nafari 6-7 kunda sog`aydi. Aksincha, «Gidroksixloroxin» berilmagan bemorlarning esa, 14-20 kungacha ahvoli yaxshilanmadi. Tajribadan ham ko`rinib turibdiki, ushbu dori vositasi kasallikning ilk kunlarida qo`llanilganda, 83 foiz holatda samaradorligi ko`rinmoqda.
Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, har qanday dori vositasining inson organizmiga ta`siri uning yoshi, jinsi, irqi, qon guruhi qanday ekaniga ham bog`liq. Shuningdek, preparatlarning davolovchi xususiyati bo`lgani kabi salbiy ta`siri ham yo`q emas.
Shuning uchun ham “COVID-19” bilan kasallangan bemorlarni davolash bo`yicha vaqtinchalik ko`rsatmalarning 7-nashrida bu dori vositasi kasallikning ilk bosqichida 5 kun berilishi, 65 yoshdan katta va yurak qon tomir kasalliklari bilan og`rigan bemorlar, bolalar hamda homilador ayollarga «Gidroksixloroxin» tavsiya qilinmasligi qayd etilgan.
«Remdesivir» preparatiga keladigan bo`lsak, u kasallikning ilk bosqichida qo`llanilmaydi. Uy sharoitida bu doridan foydalanish faqatgina zarar keltiradi. Ushbu preparat shifokorning to`liq nazorati ostida kasallikning o`rta og`ir va og`ir darajasida berilsagina o`zining ijobiy samarasini ko`rsatadi. “Remdesivir” virusga qarshi dori vositasi davolash muolajalari davrida ijobiy natija berib, davolash kunlari qisqarmoqda, bemorlar ahvoli sezilarli darajada yaxshilanmoqda.
Ushbu dori vositalarini samara bermaydi, deganlar uni o`z o`rni va vaqtida, to`g`ri qo`llamayotgan bemorlar hisoblanadi. Chunki boshqa mamlakatlar mutaxassislari qatorida o`zbek olimlari tomonidan ham bu dorilarni samarali ekani isbotlangan va undan foydalanish bo`yicha asosiy ko`rsatmalar berib o`tilgan. Shu bois ham koronavirus infeksiyasidan davolanayotganda doimiy ravishda shifokor nazoratida bo`lib turish kerak.