AsosiyJamiyat

Bu hafta oxiriga qadar kutilayotgan ob-havo haqida ma`lum qilindi

'Bu hafta oxiriga qadar kutilayotgan ob-havo haqida ma`lum qilindi'ning rasmi

Sinoptiklar bugun O`zbekiston hududida ob-havo kam bulutli va iliq bo`lishini bashorat qilishmoqda. Kunduzi harorat 20-23 darajagacha, janubda 26 darajagacha ko`tariladi.

Ertaga respublikamiz shimoliga Rossiyaning Evropa qismi (Moskva oblasti)dan Volgabo`yi orqali sovuq antisiklon kira boshlaydi.

28 oktyabrda sovuq havo butun respublika hududiga tarqaladi, harorat foni 8-10 daraja pasayadi. Ko`pchilik viloyatlarda kunduzgi havo harorati 10-13 daraja atrofida bo`ladi. Kuchsiz, asosan qor ko`rinishidagi, yog`inlar faqat mamlakatimizning tog`li va baland tog`li hududlarida kuzatilishi mumkin.

Iliq va sovuq havo oqimlarining bosimlari tafovuti respublika hududi bo`yicha shamolning tezligi sekundiga 17-22 metrgacha kuchayishiga olib keladi.

Sovuq havo oqimining ta`siri 29 oktyabrda va 30 oktyabrda kechasi saqlanib turadi, 30 oktyabrda kunduzi antisiklon shimoli-sharqqa chekina boshlaydi va havo asta-sekin isiydi.

29 va 30 oktyabr kunlari tungi havo harorati 0-3 daraja iliqqacha tushadi, ayrim joylarda havoda birinchi ayoz kuzatiladi — harorat 1-2 daraja sovuq bo`ladi. 29 oktyabrda kunduzi 10-13 daraja iliq atrofida bo`ladi, 30 oktyabrda esa biroz — 13-16 darajagacha isiydi. Bu kunlarning harorati oktyabr oyi uchun xos bo`lgan me`yoriy qiymatlardan 7-9 darajaga past bo`ladi.

31 oktyabrda O`zbekiston hududiga Eron tomondan issiq havo kira boshlaydi. Tungi ayoz to`xtaydi, kunduzi esa harorat 18 daraja, ayrim joylarda undan ham yuqori bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar