AsosiyJamiyat

Shahrisabz tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori va hamshirasi 50 yoshli bemorning umriga zomin bo`ldi

'Shahrisabz tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori va hamshirasi 50 yoshli bemorning umriga zomin bo`ldi'ning rasmi

Jinoyat ishlari bo`yicha Shahrisabz shahar sudining raisi Laziza Rasulovaga ko`ra, 2019 yil 12 sentyabr kuni Shahrisabz tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga sog`ligini tiklash uchun borgan 50 yoshli Xolmurod Rahimov (ism-shariflar o`zgartirilgan) shifokorlarning aybi bilan hayotdan bevaqt ko`z yumdi.

Ma`lum bo`lishicha, 2019 yil 10 sentyabr kuni Xolmurod akaning oshqozoni og`riy boshladi. Bu xol ikki kun davom etgach, xotini Maftuna opa erining sog`lig`idan xavotir olib tushga yaqin tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordi.

Qabulxonadagi navbatchi shifokor T.Norov X.Rahimovning qon bosimini o`lchab, yurak urishini tekshirdi. Shikoyatini eshitgandan so`ng dori yozilgan oq qog`ozni Maftuna opaga berib, “Opa, shifoxonaning chiqish eshigi oldida “55” nomli apteka bor, shundan mana bu dorilarni olsangiz bo`ladi” dedi. Maftuna opa shifokor yozib bergan dorilarni tezda sotib olib keltirdi.

Hamshira Dilnavoz Saidova  bemorni bo`sh turgan xonaga olib kirib, krovatga yoting ishorasini qildi. Osma ukolga qandaydir dorilarni qo`shib, o`ng qo`l bilak sohasiga, ya`ni vena qon tomiriga ulab qo`ydi. Maftuna opa erining yonida edi. Oradan 5 daqiqalar o`tganidan so`ng turmush o`rtog`i qo`li og`riyotganidan shikoyat qildi. Hamshira Xolmurod akaning qon tomiri yorilib ketgani uchun vena qon tomiriga ulangan ukolni sug`urib olib, musht qismiga uladi.

Oradan yana 5 daqiqalar o`tdi.

Maftuna opa hamshiraga sinama qo`yishni iltimos qildi.

- Hech narsa qilmaydi, opa, hammaga shunaqa usulda qo`yamiz, - dedi hamshira.

Osma ukolga shpris yordamida antibiotik dori vositasini yubordi. Hamshira Maftuna opadan eriga qarab turishini aytib o`zi chiqib ketdi.  

Oradan 3-4 daqiqalar o`tib, Xolmurod akaning sog`ligi battar yomonlashdi. Xotini eshik oldiga borib, hamshirani chaqirdi. Biroq hamshiralar ham, shifokorlar ham hadeganda kelavermadi. Xolmurod aka qayd qildi, mushtiga ulangan ukolni sug`urib tashlab, o`rnidan turib, taxminan 5-6 qadam yurganidan so`ng, krovatni ushlab, to`xtab qoldi. Baqir-chaqirdan palataga hamshira va shifokorlar kirib kelishdi.

Bemorning qo`llari qaltirab, oyoqlari soviy boshladi. Unga sun`iy nafas berib ko`rishdi. Xullas, u qilishdi, bu qilishdi, shifokorlar bemorning hayotini saqlab qolisha olmadi. Bir inson shifokorlarning aybi va mas`uliyatsizligi tufayli bevaqt hayotdan ko`z yumdi...  

Tabiiyki, mas`uliyatsiz tibbiyot xodimlariga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o`z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. 

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining 2019 yil 8 noyabrdagi xulosasida, marhum X.Rahimovning o`limi – dori vositasining organizmga kirishi jarayonida rivojlangan nojo`ya ta`siri natijasida yuzaga kelgan o`tkir yurak qon tomir va o`pka etishmovchiligidan kelib chiqqanligi ko`rsatilgan edi.

Sud, sudlanuvchi D.Saidovaaning nojo`ya ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan dori vositasi organizmga, xususan vena orqali sinamasiz yuborilganida, basharti bunday holatda organizmga dori vositasi nojo`ya ta`sirini ko`rsatsa, dori vena tomiri orqali organizm ichki muhitiga tushib, yot dori vositasining organizmga individual yoqmasligi natijasida allergik reaksiyaning og`ir turi bo`lgan anafilaktik shok yuzaga kelishini bilgani sababli o`sha vaqtda X.Rahimovga seftriakson dori vositasini bilak sohasiga sinama uchun 0,01 gramm miqdorda yuborgani, qolgan qismini yubormagani haqidagi vajlarini javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida o`ylab topilgan deb hisoblab, marhumning qonuniy vakili va guvohlarning ko`rsatuvlari bilan rad qilishni lozim topdi.

Sud, sudlanuvchi T.Norovga nisbatan jazo turi va me`yorini belgilashda, qilmishiga iqror va pushaymonligini jazoni engillashtiruvchi holatlar deb topib, jazoni og`irlashtiruvchi holatlar yo`q deb hisoblab, shaxsini, muqaddam sudlanmaganini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganini, jabrlanuvchiga etkazilgan zararlar qoplanganini inobatga olib, qonun sanksiyasi doirasida ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni hamda bevosita xizmat faoliyati bilan bog`liq holda jinoyat sodir etgani sababli JK 45-moddasiga asosan tibbiy stasionar davolash muassasalarida ishlash huquqidan mahrum qilish tarzidagi qo`shimcha jazo tayinlashni, sudlanuvchi D.Saidovaga nisbatan jazo turi va me`yorini belgilashda, qilmishiga iqror va pushaymonligini jazoni engillashtiruvchi holatlar deb topib, xuddi shunday JK 45-moddasiga asosan tibbiy stasionar davolash muassasalarida ishlash huquqidan mahrum qilish tarzidagi qo`shimcha jazo tayinlashni lozim topdi.

Marhumning qonuniy vakili M.Rahimovaning T.Norovga nisbatan da`vosi yo`qligini, D.Saidova tomonidan marhumning vakiliga etkazilgan zarar uchun 35.000.000 so`m qoplanganini inobatga oldi. Qolgan zararlar bo`yicha fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.

Sud T.Norovga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 116-moddasining 3-qismi bilan JK 45-moddasini qo`llab, 1 yil muddatga tibbiy stasionar davolash muassasalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.Sutkaning kech soat 23:00 dan ertalab soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqishi cheklandi.

D. Saidovaga ham xuddi shunday jazo tayinlab, uning zimmasiga nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash yoki ish joyini o`zgartirmaslik kabi qo`shimcha taqiqlar qo`ydi.

 

    Boshqa yangiliklar