my5

O`zbek shou-biznesi vakillarining Instagram’dan qancha pul topishi ma`lum bo`ldi

Madaniyat 29.10.2020, 18:06
3023
O`zbek shou-biznesi vakillarining Instagram’dan qancha pul topishi ma`lum bo`ldi

Instagram ijtimoiy tarmog`i bugungi kunda mashhurlarga yaxshigina daromad manbayiga aylangan. Taniqli shaxslarning obunachisi qanchalik ko`p bo`lsa, uning sahifasida reklama joylashtirish narxi ham shunchalik yuqori bo`ladi. Jurnalist Nargiza Murodova o`zbek shou-biznesi vakillari Instagram’dagi reklamadan qancha pul topishi haqida surishtiruv o`tkazdi. Bu haqda Daryo yozdi.

Ma`lumotlarga ko`ra, mashhurlarning sahifasidagi eng arzon reklama 200 dollar, eng qimmati esa 2 000 dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, kunlik reklama uchun ham 30 dollardan 200 dollargacha narx belgilangan. Ammo ularning ko`pchiligi bizneslari haqida ochiqchasiga gapirishni istamadi.

Shahlo Zoirova

2,4 million obunachiga ega «Bravo» kulgi jamoasi a`zosi Shahlo Zoirovaning Instagram sahifasidagi stories’ga reklama joylash narxi 300 dollar, akkauntiga reklama joylashtirish esa 500 dollarni tashkil etadi.

 

Rayhon G`anieva

3,6 million obunachiga ega O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rayhon G`anieva esa eng qimmat reklamalarni joylashtiruvchi akkaunt egasi. O`zi ishtirok etmagan reklamani xonandaning sahifasiga joylash 1 500 dollarni tashkil etadi. Agar mahsulot yoki xizmat turini o`zi reklama qilib bersa, bu narx yana 500 dollarga oshib 2 000 dollarni tashkil etadi.

 

Munisa Rizaeva

Xonanda Munisa Rizaeva o`zbek ijodkorlari ichida eng ko`p folloverlarga ega ijodkor hisoblanadi. Instagram tarmog`ida uning 4,4 million kuzatuvchisi bor. Ammo u reklamaga mukkasidan ketmagan. Shu kungacha sanoqli reklamalarni qabul qilgan xolos. Uning stories’ga bir martalik reklama joylash 1 500 dollarni, lentaga esa 2 500 dollarni tashkil etadi. Munisa Rizaevaning shaxsan o`zi ishtirok etgan reklama roliklari esa bundan ancha qimmat turadi.

 

Muqaddas Sa`dullaeva

2,7 million obunachiga ega aktrisa Muqaddas Sa`dullaeva bitta reklama posti uning sahifasidan joy olishi uchun qancha pul to`lash kerakligini oshkor etishni istamadi.

 

«Turmush o`rtog`im buni sir tushishimni qa`tiy talab qiladi (kulib). Ammo Instagram orqali yaxshigina mablag` topish mumkinligini ochiq aytolaman. Garchi bizda bu reklama tizimi hali u qadar rivojlanmagan bo`lsa-da, bir oylik daromadimiz yomon emas. Sahifamda 2 million 600 mingdan ziyod obunachi bor. Aslida buncha kuzatuvchi uchun yaxshigina haq to`lanishi kerak. Agar hamma sahifachi reklama narxini arzonga sotmasa, kuzatuvchilar orasida reklama narxi ham oshgan bo`lardi. Shaxsan men faqatgina berilgan mahsulot uchun reklama qilmayman», — deydi aktrisa.

Nargiza Abdullaeva

Aktrisa Nargiza Abdullaeva esa reklama katta-kichikligiga qarab bitta post uchun 200-400 dollar oladi.

 

«Eplaganlar qandini uryapti, ammo men menejerlikni eplolmadim (kuladi). Ko`nglim bo`shligi shu erda ham pand berdi. Masalan, oyiga 10 ta reklamani sahifamga joylasam, undan 5 tasi bepul bo`ladi. ‘Yangi biznes boshlaganman, qo`llab yuboring’, deydiganlarga buncha bering, deyolmayman. Doimiy hamkorlarim esa reklamaning murakkabligiga qarab 200-400 AQSh dollari miqdorida pul to`lashadi. Shu bilan birga reklama joylayotganda uning ishonchli mahsulot ekanligiga ham jiddiy e`tibor beraman. Pul deb odamlarga aziyat beradigan mahsulotlarni reklama  qilishdan qo`rqaman», — deydi aktrisa.

Aziza Yoqubova

468 ming obunachiga ega aktrisa Aziza Yakubova sahifasidagi reklama orqali oyiga 2000 dollargacha ishlashini ma`lum qildi.

 

«Instagram orqali yaxshigina pul topish mumkin, ammo reklamaga berilib ketish ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Kuzatuvchilar orasida mavqe tushishi va ularni yo`qotish ham hech gap emas. Bir necha oy oldin oyiga 2000 dollarlik reklamalarni oldim. Hozir esa har oyda 200 yoki 500 dollarlik reklamalarni qabul qilyapman xolos. Shaxsan men o`zimni qimmat reklama qo`yadigan sahifa egasi deb bilmayman. Hatto meni avrab, uch-to`rtta kosmetika evaziga ham reklama qo`ydirish mumkin. ‘Bravo’ jamoasidagi Shahlo va Munisa Rizaevaning Instagram reklamasi juda qimmatligi haqida eshitgandim. Reklama beruvchi ham ahmoq emas. Agar e`londan naf bo`lmasa, katta mablag` evaziga reklama joylashtirmaydi», — deydi Aziza Yoqubova.

Шарҳлар