Kecha, 29 oktyabr kuni mamlakatimizga Robert Kox instituti (Germaniya)ning 8 nafar tajribali mutaxassislardan iborat nufuzli tibbiy guruhi koronavirusga qarshi kurashda yurtimiz mutaxassislariga yaqindan ko`mak berish va o`zaro tajriba almashish maqsadida tashrif buyurdi. Bugun Sog`liqni saqlash vazirining o`rinbosarlari Ulug`bek Sabirov va Abdulla Azizov delegasiya a`zolari bilan uchrashdi. Muloqot davomida qatnashchilar o`z mamlakatlaridagi pandemiya sharoiti hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo`yicha ko`rilayotgan zarur chora-tadbirlar haqida fikr almashdi. Shuningdek, uchrashuvda COVID-19ni jilovlash borasida dunyo tajribasida qanday usul va zamonaviy texnologiyalardan foydalanilayotgani muhokama qilinib, o`zaro tajriba almashildi. Tashrif rejasiga ko`ra, germaniyalik shifokorlar Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Respublika shoshilin tibbiy yordam ilmiy markazi, shuningdek, viloyatlardagi ushbu sohaga ixtisoslashtirilgan shifoxonalar, tibbiy markaz va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, koronovirusni tashxislash, nazoratga olish va bemorlarni davolashda mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda ish olib borishadi. — Delegasiya tarkibida institutimizning rahbar kadrlari hamda malakali epidemiolog, anesteziolog-reanimatolog, infeksionist kabi tajribali mutaxassislar bor, — deydi delegasiya a`zosi Jerald Ripberger. — Biz bu erga o`zbekistonlik hamkasblarimiz, shifokorlar bilan o`zaro tajriba almashgani keldik. O`ylaymanki, bu ikki davlatning ham koronavirusga qarshi kurashishida samarali foyda beradi. Eslatib o`tamiz, shu kunga qadar Xitoy, Rossiya, AQSh, Koreya Respublikasi, Turkiya kabi davlatlar bilan bir qatorda Germaniyadan kelgan nufuzli mutaxassislar ham O`zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida bevosita qatnashib, o`z tavsiyalarini berib kelishmoqda. Germaniyalik mutaxassislar mamlakatimizda 12 noyabrga qadar bo`lishi rejalashtirilgan. | |
30.10.2020 21:43
Koronavirusga qarshi kurashda ko`maklashish uchun bir guruh mutaxassislar Germaniyadan O`zbekistonga keldi
