my5

“Angren shakar” korxonasida sodir bo`layotgan holat o`rganildi

Jamiyat 31.10.2020, 08:37
504
“Angren shakar” korxonasida sodir bo`layotgan holat o`rganildi

Xabaringiz bor, avvalroq, “Angren shakar” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ommaviy ravishda xodimlarning ishdan bo`shatilayotganligi bilan bog`liq xabar berilgan edi. 

Mazkur holat Oliy Majlis Senati a`zosi Malika Kadirxanova va Ohangaron shahar hokimligi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan birgalikda joyiga chiqqan holda o`rganildi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Aniqlanishicha, mazkur korxona qariyb 5 oydan buyon faoliyat ko`rsatmasdan kelmoqda. Lekin shunga qaramasdan, shu vaqtga qadar ishchi-xodimlarga oylik maosh to`lab kelingan. Ayrimlari esa haq to`lanmaydigan ta`tilga chiqarilgan.

Hozirgi vaqtga kelib, korxona tomonidan o`zaro kelishuv asosida, ya`ni kelgusida korxona ish faoliyatini tiklagach, qayta ishga olish sharti bilan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinmoqda. Ayni paytda 28-oktyabr holatiga ko`ra, 163 nafardan ortiq ishchi-xodim ishdan bo`shatilgan, ularning barchasiga kompensasiya pullari to`lab berilgan. Ishdan bo`shatishlar, haq to`lanmaydigan mehnat ta`tillari bo`lishi mumkinligi haqida ishchi-xodimlar ogohlantirilgan.

Senator M.Kadirxanova Ohangaron shahar hokimligi mutasaddi xodimlari bilan mazkur korxonadagi ishchilar va rahbarlar bilan suhbatlashdi.

Ayni paytda Ohangaron shahar va tuman hokimligi vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni ish bilan ta`minlash bo`yicha dastlabki rejalarni muhokama qilib, takliflar tayyorlamoqda. Bunda, asosan, sanoat va ishlab chiqarishda ma`lum tajribaga ega bo`lgan ishchilarni o`z sohasiga yaqin bo`lgan ishlab chiqarish ob`ektlariga ishga joylashtirish nazarda tutilmoqda.

Korxonadan bo`shatilgan ishchi-xodimlarga 15 kun muddatda yangi ish o`rinlari taklif etish bo`yicha xulosa tayyorlanayotgani haqida axborot berildi, deyiladi xabarda. 

Eslatib o`tamiz, avvalroq, holat yuzasidan Toshkent viloyati hokimligining o`rganish natijalari va munosabati e`lon qilingan edi. 

 

 

Шарҳлар