my5
Sevimli

Behzodning dahosi. O`zbekistonda birinchi marotaba Sharqning buyuk miniatyurachi musavviri haqida suratli albom yaratiladi

Madaniyat 12.11.2020, 17:30
Behzodning dahosi. O`zbekistonda birinchi marotaba Sharqning buyuk miniatyurachi musavviri haqida suratli albom yaratiladi

“O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasi va O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati “Kamoliddin Behzod –  Moniyni hijolat qilib” noyob miniatyuralar albomini chiqarishga tayyorgarlik ko`rmoqda. Albomni tayyorlash sirlari haqida uning mutasaddisi Zuhra Rahimova shunday deydi:  

– Bu yil o`rta asrlarning taniqli miniatyurachi musavviri Kamoliddin Behzodning 565 yilligi munosabati bilan “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” loyihasi muallifi va rahbari F. Abduxoliqov milliy va xorijiy kitobxonlar uchun suratlarga boy kitob-albom yaratish g`oyasini ilgari surdi. Behzod O`zbekiston madaniyatida alohida o`rin tutadi, chunki uning ijodi XVI asr boshlarida mahalliy Buxoro maktabining shakllanishiga katta ta`sir ko`rsatdi va zamonaviy miniatyurachi musavvirlar ko`pincha o`z asarlarida uning ko`plab ishlaridan foydalanadilar. Toshkentdagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, miniatyura muzeyi, maktablar, stipendiyalarga Behzod nomi berilgan.  

Albom chop etish g`oyasi nihoyatda dolzarbdir, chunki K.Behzod ijodiga juda ko`p asarlar bag`ishlangan bo`lishiga qaramay, respublikamizda ular asosan mutaxassislargagina ma`lum. Bu kitob-albomning chop etilishi shunisi bilan ham ahamiyatliki, O`zbekistonda haligacha keng o`quvchilar doirasi va birinchi navbatda yoshlar uchun mo`ljallangan bunday nashr hali bo`lmagan.  

Ushbu albomning asosiy vazifasi musavvir ijodining asosiy yo`nalishlarini tavsiflash, shuningdek, nima uchun Behzod o`z davrida juda mashhur bo`lgani va nega u hanuzgacha Sharqning eng buyuk miniatyurachi rassomlaridan biri sanalishi haqidagi savolga javob izlashdir.  

Albom haqida  

“Kamoliddin Behzod –  Moniyni hijolat qilib” kitob-albomiga miniatyurachi musavvirning dunyo kolleksiyalarida mavjud taniqli va ommaga ma`lum  bo`lmagan asarlari kiritiladi. Unda Londondagi Britaniya kutubxonasi, Vashingtondagi Frir galereyasi, Istambuldagi To`pqopi saroyi to`plami, Tehrondagi Guliston saroyi kutubxonasi, Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyi va Peterburgdagi Rossiya Milliy kutubxonasi, shahzoda Sadruddin Og`a Xonning Jenevadagi kolleksiyasidan bo`lgan miniatyuralar jamlanadi.  

Albomda Behzodning turli janrlarda yaratilgan asarlari, uning obrazlarni yaratishdagi o`sha davrning ma`naviy madaniyati zamiridagi chuqur falsafiy fikrlarni etkazish uchun foydalangan o`ziga xos uslubi o`rganiladi.  

Albom matnli qismdan va buyuk musavvirning yurtimizda deyarli ma`lum bo`lmagan ko`plab asarlari reproduksiya ko`rinishida jamlangan ilovadan iborat bo`ladi.

Шарҳлар