AsosiySalomatlik

Afsona yoki haqiqat? Bolani beshikka belash uning rivojlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatadimi?

'Afsona yoki haqiqat? Bolani beshikka belash uning rivojlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatadimi?'ning rasmi

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Murodjon Irismetov shu  mavzudagi savollarimizga javob berdi.

– Ma`lumki, bugun travmatologiya va ortopediya sohasi ham jadal rivojlanyapti. Bu borada mamlakatimiz tibbiyotining salohiyati qanday?

– To`g`ri, keyingi yillarda soha rivoji yangi bosqichga ko`tarildi, diagnostika va davolash borasida muhim yangiliklar amaliyotga kirib keldi. Endoprotezlash, ko`krak qafasi deformasiyalari, skolioz, artroskopik operasiyalar, bloklovchi osteosintez operasiyalar bunga misoldir. Diagnostika sohasida kompyuter tamograf, magnit rezonans tamograf, raqamli rentgen,  elektron podometriya, rentgen densitometriya, bo`g`imlarni UZI tekshiruvi kabi zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilgan.  

– Ko`pchilikka uncha tanish bo`lmagan displaziya kasalligi haqida ma`lumot bersangiz. Bunday nuqsoni bor bolalarni yo`rgaklashda qanday qoidalarga amal qilish kerak?

– Displaziya bo`ksa bo`g`imi shakllanishida yuzaga keladigan nuqsondir. Agar chaqaloqda shunday nuqson bo`lsa, tug`ruq majmuasidayoq ortoped ko`rigi jarayonida aniqlanadi. So`ngra bunday bolalarning parvarishi va rivojlanishini alohida nazorat qilishda patronaj hamshiraning o`rni muhim. Xususan, bolani yo`rgaklashda oyoqlarining orasini keng qilib ochib qo`yish kerak. Shunda son boshchasi chanoq kosachasiga to`la kirishi ta`minlanadi va bo`g`imning to`g`ri shakllanishiga imkon yaratiladi.

Qolaversa, bolani o`z vaqtida ortoped ko`rigidan o`tkazish, belgilangan muolajalarni vaqtida olib, kasallikni bartaraf etish lozim. Aks holda, nuqson tufayli bo`g`imlar noto`g`ri shakllanib, keyinchalik jiddiy kasallik yuzaga kelishi mumkin.  

– Bolani beshikka belash tayanch-harakat tizimlari rivojlanishiga muayyan darajada salbiy ta`sir etadi deyishadi. Bu borada Siz qanday fikrdasiz?

– Beshikka belash chanoq (buksa) bo`g`imida  displaziya aniqlangan va displaziya bilan davolanayotgan  bolalarda  og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, qiz bolalarda buksa bo`g`imining og`ir darajadagi artrozlarini keltirib chiqarishi va nogironlikka sabab bo`lishi mumkin. Shunday kasalligi bo`lgan bolalarni beshikka belashda ehtiyot bo`lish kerak.

Bolani beshikka yotqizishdan oldin uning vujudi siqib yo`rgaklanadi, qo`llari bog`lanadi, oyoqlari ham bir-biriga juda yaqin qilib o`raladi. Bu juda noto`g`ri. Bola vujudi ayni o`sib-rivojlanadigan davrda bunday o`rab-chirmab qo`yish sog`lig`iga jiddiy salbiy ta`sir qiladi. Bundan tashqari, ba`zi onalar uy-ro`zg`or ishlari bilan bandligini ro`kach qilib, bolani beshikda uzoq vaqt qoldiradi. Natijada jadal o`sadigan davrda bola organizmi erkin harakat qilishdan mosuvo bo`lishi, keyinchalik sog`lig`iga, ayniqsa, tayanch-harakat tizimlarining risoladagidek rivojlanishiga ta`sir o`tkazmay qolmaydi. Shu bois, ona bolani yo`rgaklashda yuqorida aytganimizdek, oyoqlar orasini katta ochib, qo`llarini bo`sh qo`yishi, gavda bemalol harakatlanishi uchun sharoit yaratishi maqsadga muvofiqdir.  

 

    Boshqa yangiliklar