my5
Sevimli

O`zbekistondan Oskar mukofotiga qaysi film ishtirok etishi ma`lum bo`ldi

Madaniyat 21.11.2020, 18:00
O`zbekistondan Oskar mukofotiga qaysi film ishtirok etishi ma`lum bo`ldi

 Shu yilning 21 noyabr kuni O`zbekiston Oskar qo`mitasining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda "O`zbekkino" matbuot xizmati xabar qilmoqda. Unda qo`mita raisi Firdavs Abduxoliqov hamda qo`mita a`zolari Zulfiqor Musoqov, Matyoqub Matchonov, Bahodir Odilov, Hamidulla Hasanov, Eljon Abbosov, Nigora Karimova, Jahongir Ahmedov, Mannop Qo`chqorov, Aziz Arziqulov, Umid Hamdamov, Baxtiyor Yoqubov, Farrux To`laganov, Eldor Yo`ldoshev, Igor Pinxasov hamda prodyuser va Qo`mita koordinatori Oybek Abdushukurovlar ishtirok etishdi.

O`zbekiston Oskar qo`mitasi tomonidan sayyoramizning nufuzli Oskar  mukofotining “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” nominasiyasiga O`zbekiston nomidan "O`zbekkino" Milliy agentligi buyurtmasiga binoan  «Fox music cinema» studiyasi tomonidan suratga olingan Yolqin To`ychievning “Faridaning ikki ming qo`shig`i” filmi tanlandi.

 

25 noyabrgacha kartina film mualliflari tomonidan tegishli tartibda O`zbekiston Milliy kinokomissiyasiga taqdim etilishi zarur.

 

“Faridaning ikki ming qo`shig`i” filmida o`tgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko`rsatgan ta`siri bir oila misolida ochib beriladi. Yuz berayotgan voqea-hodisalarga e`tibor bermay, odamlardan narida  uch nafar xotini bilan umrguzaronlik qilayotgan Komil  to`rtinchi bor uylanadi. Yangi ayolning oilaga kirib kelishi bilan bog`liq ba`zi mojarolar va hududdagi siyosiy ahvol xonadonning parokanda bo`lishiga sabab bo`ladi.

 

Ssenariy muallifi va rejissyor Yolqin To`ychiev, postanovkachi operator Bahodir Yo`ldoshev, postanovkachi rassom Bektosh Rajabov, film direktori Shavkat Rizaev.

Rollarda Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona O`ljaeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiqulieva va boshqalar.

 

93-Oskar taqdirlash marosimi 2021 yilning 25 aprel kuni Los-Anjeles shahrining mashhur “Dolby” teatrida bo`lib o`tadi.

 

Eslatib o`tamiz, 2019 yil bahorida "O`zbekkino" Milliy agentligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi va O`zbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan O`zbekiston Oskar qo`mitasi tashkil qilingan edi.

 

“O`zbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati

Шарҳлар