"Mendirman Jaloliddin" serialida ishtirok etgan aktrisa Feruza Normatova jurnalist Jasur Hamroev bilan bo`lgan suhbatda Turkiyada «koronavirusdan ham yomonroq» kasallikni boshdan kechirgani haqida so`zladi.
“Buni aytish to`g`rimi, noto`g`rimi, bilmadim. Turkiyada, albatta, juda og`ir paytlar bo`ldi. Ota-onam, yaqinlarimdan bu qadar uzoq muddatga hech qachon uzoqlashmaganman. Shu paytda Xudoyimning sinovi keldi boshimga. Uydagilar siqilmasin, deb ularga ayta olmaysiz. Instagram, boshqa joylarga qo`ya olmaysiz, o`zi vahima payti, pandemiya davri.
Koronavirus bo`lib qolganim yo`q, undan battar bir dard keldiki, shuni o`tkazib yuborish muddati eng qiyin davrim desam, adashmagan bo`laman. Turkiyada juda yaxshi shifokorlar bor, shunchalik yaxshi davolashganki, Toshkentga kelganimdan keyin tibbiy ko`rikdan o`tdim, kasallikdan asar ham qolmabdi. Shu darajada yaxshi davolashgan. Lekin kasallikni o`tkazib yuborish, ota-onangiz va yaqinlaringizdan yiroqda dardga sabr qilish, hech kimga aytmasdan shifoxonada yolg`iz kezish, bu juda og`ir bo`ldi. Hech qachon shu yoshimga qadar shifoxonada yotmagandim, lekin o`sha erda shunaqa bo`lib qoldi.
«Mendirman Jaloliddin» serial loyihasining boshida turgan, O`zbekistondan borgan vakillar meni o`zlari davolatishdi, hamma joyga o`zlari yugurishdi. Daromad tomondan ham, boshqa tomondan ham ular yordam berishdi. Shukrki, tezda tuzalib, shifoxonadan chiqdim. Keyinchalik ota-onam Turkiyaga aylanishga keldi, o`sha payt nimadir bo`ldiyu, sirim ochilib qoldi. Ular hayron bo`lib, meni quchoqlab: «Shunaqa narsani boshingdan o`tkazib, bizga nega aytmading?», deyishdi. Shukr, o`zimizning aktyorlar, yaqinlarimiz, O`zbekistondan borgan vakillar, yordamida tuzaldim”, degan aktrisa.