AsosiyDunyo

Tojikistonda kam ta`minlanganlar va muxtoj chet elliklarga 15 million dollar yordam tarqatildi

'Tojikistonda kam ta`minlanganlar va muxtoj chet elliklarga 15 million dollar yordam tarqatildi'ning rasmi

Tojikistonda 390 mingdan ortiq kam ta`minlangan oilalar, yolg`iz keksalar, nogironlar, etimlar va qarovsiz bolalar, shuningdek, yordamga muhtoj chet elliklar – qochqinlarga bir martalik manzilli ijtimoiy nafaqalar to`landi. Bu haqda Asia-Plus`ga tayanib Daryo xabar qildi.

Yordam prezidentning «COVID-19 yuqumli kasalligining Tojikistonning ijtimoiy-iqtisodiy sohalariga ta`sirining oldini olish to`g`risida»gi farmoni doirasida byudjet mablag`lari hisobidan amalga oshirildi.

Ma`lum qilinishicha, 2020 yilning 17 noyabriga qadar bir martalik moddiy yordam ko`rsatish uchun 175 million somoniyga yaqin (o`rtacha yillik stavka bo`yicha taxminan 15 million dollar) mablag` ajratildi, shundan 156 million somoniydan ziyodini muhtojlar qabul qilib olgan.

Ushbu mablag`larning 35 foizga yaqini Xatlonda, 31 foizi So`g`dda, 23 foizi tumanlarda, 7 foizidan ortig`i Dushanbeda va 4 foizidan sal ko`prog`i Tog`li-Badaxshon muxtor viloyatida tarqatilgan.

Tegishli vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlangan ro`yxatga ko`ra, 437,4 mingga yaqin kam ta`minlangan oilalar, yolg`iz keksalar, nogironlar, etim bolalar, qarovsiz qolgan bolalar va kam ta`minlangan chet el fuqarolariga bir martalik manzilli yordam ko`rsatilmoqda.

Ma`lumot uchun, «COVID-19 yuqumli kasalligining Tojikistonning ijtimoiy-iqtisodiy sohalariga ta`sirining oldini olish to`g`risida»gi farmon prezident tomonidan 2020 yil 5 iyunda imzolangan.

«Davlat byudjetining zaxira mablag`lari va byudjetdan tashqari jamg`armalari hisobidan aholining zaif qatlamlariga, shu jumladan 1941–1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga, ijtimoiy nafaqa olayotgan fuqarolarga, nogironlarga, etim bolalarga, qarovsiz qolgan bolalarga, kam ta`minlangan oilalarga eng kam ish haqi miqdorida bir martalik yordam taqdim etiladi», – deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari, 2020 yilning may oyida hukumat qarori bilan kam ta`minlangan oilalarga manzilli ijtimoiy nafaqalar tayinlash va to`lashning yangi mexanizmi tasdiqlandi. Ushbu mexanizm orqali yordam berish 2020 yilning 1 iyulidan boshlandi.

Unga ko`ra, har bir kam ta`minlangan oilaga yillik nafaqa 464 somoniy qilib belgilandi. Bunday imtiyozlar «Amonatbank» bo`linmalari orqali har chorakda 116 somoniy miqdorida to`lanadi.

    Boshqa yangiliklar