AOKAda tashkil etilgan matbuot anjumanida Markaziy bank departament direktori Jasur Fayzullaxo`jaev O`zbekistonning xalqaro investision pozisiyasi va tashqi qarzi ko`rsatkichlari monitoringi haqida ma`lumot berdi.
Uning ta`kidlashicha, 2018 yildan boshlab Markaziy bank tomonidan O`zbekistonning to`lov balansi, xalqaro investision pozisiyasi va tashqi qarzi ko`rsatkichlari shakllantirilib, Xalqaro valyuta jamg`armasi tomonidan qabul qilingan formatlarda har chorakda muntazam Markaziy bankning veb-saytida joylashtirib borilmoqda.
Mazkur ma`lumotlarni shakllantirishda idoraviy ma`lumotlar almashinuvi yo`lga qo`yilgan.
Ushbu yo`nalishdagi ko`nikmalarni rivojlantirish hamda ma`lumotlarni xalqaro qabul qilingan qo`llanmalarga muvofiq tuzilishini ta`minlash maqsadida bugungi kunga qadar Xalqaro valyuta jamg`armasining to`rtta texnik ko`mak missiyalari jalb qilingan.
Buning natijasida:
O`zbekistonning to`lov balansi, xalqaro investision pozisiyasi va tashqi qarziga oid 2020 yilgacha bo`lgan 6 yillik statistik ma`lumotlar qayta tuzilgan;
ma`lumotlarni shakllantirish jarayonlarini jahon andozalariga muvofiqlashtirishga erishilgan.