AsosiyJinoyat

Buxoroda yosh qizchalarni ayovsiz qiynoqqa solgan "enagalar"ga hukm o`qildi

'Buxoroda yosh qizchalarni ayovsiz qiynoqqa solgan "enagalar"ga hukm o`qildi'ning rasmi

Buxoroda Rossiyaga ketgan fuqaroning farzandlarini boqib berish uchun olib qolib, ularga zug`um o`tkazgan "enaga" voqeasi yuzasidan sud jarayoni bo`lib o`tdi. Bu ayanchli hodisa tafsilotlari va uning aybdorlariga nisbatan belgilangan jazo choralari haqida jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro shahar sudining sudyasi, Akbarjon JABBOROV va jurnalist Xurshid SULTONOV tomonidan "Adolat" gazetasida sud ocherki yoritildi.

Unda aytilishicha Buxorolik Dilnoza Safarova 2019 yil avgust oyida Rossiya Federasiyasiga ishlash uchun ketdi-yu, oradan 5 oy o`tgach – joriy yilning yanvar oyi oxirlarida halovati buzildi. Biroq u har qancha afsus-nadomat chekmasin, bu paytda kech bo`lgandi.

Gap shundaki, Dilnoza Rossiya Federasiyasiga jo`naganida 2 farzandi — 2013 yilda tug`ilgan Shahrizoda va endigina 6-7 oylik bo`lgan chaqalog`i Shahruza Safarovani tanishi Nozima Ro`zievaning qaramog`ida qoldirib ketadi. Tomonlar xizmat haqi uchun esa har oyda 100 AQSh dollariga kelishgandi.

Shundan so`ng Nozima opa-singilga binoyidek enagalik qila boshlaydi.

Binobarin, kelasi oyda D. Safarova unga 100 AQSh dollari, Shahrizodaning tug`ilgan kuni munosabati bilan 50 AQSh dollari pul jo`natadi. Lekin Shahruza bolalar ozuqasi(kasha) bilan ovqatlangani bois yuborilgan mablag` Shahrizodaning parvarishidan ortmay qoladi.

Oqibatda N. Ro`zievaning xo`jayini Bunyod Xalilov qizaloqlarni boshqa biror ayolga berib yuborishini tayin­laydi rafiqasiga. Shu bilan birga, Dilnozaga qo`ng`iroq qilib, farzandlariga boshqa enaga topish shartini qo`yadi. Aks holda ularni “Mehribonlik uyi”ga topshirib yuborishini ma`lum qiladi. Xo`jayinidan keyin D. Safarova bilan suhbatlashish asnosida Nozima kichkintoylarga ovsini Manzura Ibodullaeva (maqoladagi barcha ism-shariflar o`zgartirilgan) enagalik qilishi mumkinligini bildiradi. Shunga ko`ra, ona bo`lmish M. Ibodullaeva bilan bog`lanadi.

— Qizlarimni ovsiningizga qoldirib kelgandim. Ammo u endi qarashga qiynalib qolibdi. Shuning uchun sizdan iltimos, farzandlarimni qaramog`ingizga olsangiz. Har oyda ikki yuz dollar to`layman, — deydi u.

200 AQSh dollari miqdoridagi ish haqi uchun Manzura uning iltimosiga rozi bo`ladi. Natijada 2019 yil 25 sentyabr kuni Shahrizoda va Shahruzani o`zi ijarada yashayotgan uyga olib keladi. Biroq yangi enaga va uning xo`jayini Behzod Xalilov ko`p o`tmay Shahrizodani qiynay boshlashadi. Ya`ni 2019 yil oktyabr oyidan 2020 yil 27 yanvar kuniga qadar muttasil ravishda qo`llari va oyoqlariga qattiq buyumlar bilan ayamasdan urib, do`pposlab kelishadi. Shu bilan birga, oshxonadagi gazda qoshiq va kapkirni qizdirib, qizchaning yuzi, qo`llari hamda tanasining bosh­qa joylariga yopishtirib jismoniy va ruhiy azob berishadi. Boyaqish Shahrizoda og`riqqa chidolmay baqirganda esa kurakda turmaydigan so`zlar bilan haqoratlab, og`zini bog`lab, ovozini o`chirishgan. Bu ham etmagandek, Dilnoza o`z vaqtida pul jo`natmaganini bahona qilib, qizni hovli o`rtasidagi katta daraxtga beli va tomog`idan bog`lab qo`yib qiynashgan.

Hatto qahraton qishda ham uni daraxtga bog`lab, ustidan muzdek suv quyib, olovda qizdirilgan choynak va qoshiqni bilaklari, yuzi hamda qulog`i atrofiga bosib, ba`zan esa urib azoblashgan. Eng ayanchlisi, Behzod Shahrizodani urib burnini qonatgani etmagandek, qornini pichoq bilan kesib, tan jarohati etkazadi. Lekin er-xotin tirqirab qon oqayotganini ko`rib turishsa-da, qizchaga yordam ko`rsatishmaydi. Oqi­batda pichoq etkazgan jarohat bir necha kun Sh. Safarovaga azob berib, keyin o`z holicha bitib ketgan.

Bundan tashqari, M. Ibodullaeva 2020 yil 21 yanvar kuni Shahrizodani onasi Tamara Ibodullaevaning uyiga olib keladi. Zinadan chiqishayotganda u atrofda hech kim yo`qligidan foydalanib, qizaloqni pastga itarib yuboradi. Pirovardida qizchaning chap elka suyagi sinib, u yana bir necha kun og`riq azobini tortadi. Shundan keyin qahri qattiq enaga Dilnozaning qo`ng`iroqlariga javob bermay qo`yadi. Natijada D. Safarova o`ziing yaqin tanishi Maftuna Qurbonovaga sim qoqib, Manzura bilan bog`lana olmayotgani, shu bois qizlaridan xavotirda ekanligini bildirib, ulardan xabar olishini iltimos qiladi. M. Qurbonova o`sha kuniyoq Manzuranikiga boradi.

Buni qarangki, Maftuna borgan paytda xonadon darvozasi ichkaridan ip bilan bog`langan holda yopib qo`yilgan ekan. Shu bois u bir amallab darvozani ochib, ichkariga kiradi. Qarasaki, Shahrizoda isitmalab, ustiga ko`rpa tashlab qo`yilgan holatda yolg`iz yotibdi. Shuning uchun u darhol qizni o`zi bilan olib ketadi. Yo`lda ketayotib esa M. Ibodullaevaga qo`ng`iroq qiladi. Biroq javob bo`lmaydi. Keyin taksi haydovchisining telefonidan sim qoqadi. Shunda Manzura go`shakni ko`taradi.

— Dilnozaning iltimosiga ko`ra uyingizga kelgandim. Shahrizodaning ahvolini ko`rib, uni o`zim bilan olib ketyapman. Shuni aytib qo`yay degandim, — deb tushuntiradi M. Qurbonova.

Bu gapni eshitib, Manzura birdan tutoqib ketadi.

— Nega uyimga beruxsat kirasiz? Shoshmay turing hali, sizni melisaga berib, javobgarlikka torttiraman, — deya baqir-chaqir qiladi u.

Darhaqiqat, shundan keyin M. Ibodullaeva IIB xodimlarini Maftunanikiga boshlab boradi. Shunda xodimlar xonadon sohibasidan Shahrizodani ko`rsatishini so`rashadi. Pirovardida ular qizchaning tan jarohatlari va ruhiy holatidan tashvishlanib, o`zlari bilan olib ketishadi. So`ngra uni “Mehribonlik uyi”ga topshirishadi. “Mehribonlik uyi” bosh shifokori va hamshiralari esa Sh. Safarovaning qo`l-oyoqlari gipslanganini ko`rib, uni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialiga tibbiy tekshiruvga yuborishadi. Oqibatda Shahrizoda mazkur muassasada 6 kun davolanib chiqadi. Shuningdek, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Buxoro filialining 2020 yil 26 fevraldagi 9-sonli xulosasi bilan uning tanasidagi singan, kesilgan, kuygan va boshqa jarohatlari tasdiqlanadi.

Albatta, shundan so`ng shafqatsiz er-xotinga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atiladi. Jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro shahar sudi Behzod Xalilovni Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a” bandi, Manzura Ibodullaevani shu kodeksning 105-moddasi (qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish) 1-qismi va 110-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayb¬dor deb topib, qonuniy jazoga mahkum etdi.

Xulosa o`rnida shuni aytish zarurki, farzand tarbiyasi ota-ona zimmasidagi eng muhim vazifa va majburiyatdir. Ammo jigarbandlari shuncha azob-uqubatga giriftor bo`lsa ham Dilnoza Safarovaning Rossiyada ishini davom ettirib yuraverishi har qanday kishini taajjubga soladi. Shunday ekan, onaning bunday loqaydligi va yuz bergan ayanchli voqea-hodisalar barchamizga saboq bo`lishi lozim.

    Boshqa yangiliklar