my5
Sevimli

"2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi

Siyosat 24.11.2020, 21:31
Теглар: Davlat byudjeti
"2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi qonun loyihasini birinchi o`qishda ko`rib chiqdilar.

Davlat byudjet loyihasiga fraksiyalar ham o`z munosabatlarini bildirishdi.

Aktam HAITOV, O`zLiDeP fraksiyasi rahbari: 

Bizning fikrimizcha, 2021 yilgi Byudjetnoma loyihasida o`z aksini topgan parametrlarning to`laqonli bajarilishi nafaqat iqtisodiyotimiz, balki jamiyatimiz hayotida ijobiy o`zgarishlar yuz berishi uchun muhim zamin yaratadi. Shu boisdan, byudjet loyihasida ko`zda tutilgan ushbu ko`rsatkichlarning markazda va joylarda to`laqonli bajarilishidan vazirlik va idoralar bilan bir qatorda, biz, deputatlar ham birdek manfaatdormiz va buning uchun mas`ulmiz.

Biz ajratilayotgan byudjet mablag`laridan samarali va maqsadli foydalanilishi, investisiya loyihalarining, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining bajarilishi ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirishni eng muhim vazifamiz, deb bilamiz. O`z navbatida, qonun loyihasini keyingi o`qishlarda yanada takomillashtirish bo`yicha o`z takliflarimizni bildirdik.

Qayd etish joiz, saylovchilar tomonidan o`z hududlaridagi ayrim ijtimoiy ob`ektlar yillar davomida investisiya dasturiga kirmayotgani to`g`risida ko`plab murojaatlar bo`ladi. Shundan kelib chiqib hamda parlament nazoratini yanada kuchaytirish, byudjet mablag`laridan maqsadli foydalanish samaradorligini oshirish va natijadorligini ta`minlash maqsadida Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan rejalashtirilayotgan Investisiya dasturlarini ob`ektlar kesimida qonun loyihasining ilovalarida aks ettirish tavsiya etildi.

Davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini, hududlarning iqtisodiy o`sish nuqtalari bo`lgan sohalarni qo`llab-quvvatlashni moliyalashtirishni to`liq va muddatli amalga oshirish lozim. Ayniqsa, tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, klasterlar tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash juda muhim. Bu borada kredit resurslarining maqsadli ajratilishi orqali ularni qo`llab-quvvatlash, qonunchilikda belgilangan subsidiyalarning ajratilishi alohida nazoratga olinishi kerakligi so`raldi.

Umuman aytganda, byudjetni qonun ko`rinishida qabul qilish, byudjetlararo munosabatlarda ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash — bugungi kunning eng muhim talabi. Shu jihatdan, byudjetdan ajratilayotgan mablag`lardan to`g`ri foydalanish va uning natijadorligini ta`minlash, ayniqsa, bu boradagi ma`lumotlarni xalqqa ochiq-oshkora etkazish davlat idoralari oldidagi asosiy vazifalardan biriga aylanishi lozim.

Alisher QODIROV, “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi rahbari:

— 2021 yilning byudjetini juda optimistik ruhda ko`rib chiqdik. Imkoniyatlar va xohishlar muvozanatiga erishish uchun jiddiy ishlangan.

Partiya o`zining “Insonni o`zgartira olmasak jamiyatimizni o`zgartira olmaymiz” degan bosh g`oyasidan kelib chiqib 2021 yilda ayrim masalalarga e`tiborni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi.

Birinchidan, davlat-xususiy sherikchilik asosida barcha maktablarda oshxonalar faoliyati yo`lga qo`yilishi zarur.

Kam daromadli ish ekanligidan kelib chiqib, maktab oshxonalarini yuritadigan tadbirkorlarga imtiyozlar ko`zda tutilishi muhim. Qo`shnilarimiz 1-5 sinflarga bepul tushlik berishni yo`lga qo`yishdi. Biz ham o`ylab ko`rsak yomon bo`lmas edi.

Ikkinchidan, maktabgacha ta`lim sohasida keng qamrovli qurilish ishlari olib borilmoqda. Dastur asosida, bog`cha yoshidagi bolalarning 60 foizini qamrab olish topshirig`ini ta`minlash ustida ham sa`y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu juda yaxshi, lekin zamonaviy muassasa bo`lsayu, mazmuni bo`lmasa maqsadimizga erisha olmaymiz.

Bugun bog`chalarda bolalarning poydevorini shakllantirayotgan pedagoglarning 20 foizga yaqini oliy ma`lumotli, xolos. Ular ham 1—1,2 mln.so`m atrofida maosh olishmoqda. Muammolarga to`la tarbiyachini bolaga mehr ko`rsatishiga ishonish qiyin. Bog`chada bola agressiv munosabat ko`rdi, degani 10-15 yildan keyin jamiyatda agressiv kayfiyat kafolatlanadi, degani. Prezidentimiz tomonidan bekorga maktabgacha ta`limga jiddiy e`tibor qaratilayotgani yo`q. Chunki bu davr poydevor davr. Poydevor mustahkam bo`lmasa uning ustiga qurilgan bino mustahkam bo`lmaydi.

Maktabgacha ta`lim tizimini professional pedagoglar bilan ta`minlash va ularning qadrini ko`tarish masalasini jiddiy o`ylashimiz kerak.

Muhokamalarda yana bir taklifni ilgari surdik. Chunonchi, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “El-yurt umidi” fondi mamlakatimizga qisqa muddatlarda saviyali kadrlarni etkazib berishi kerak. Bu fondni etarlicha moliyalashtirish lozim, deb hisoblaymiz.

Zuhra IBRAGIMOVA, “Adolat” SDP fraksiyasi a`zosi:

— Fraksiyamiz deputatlari Byudjetnoma loyihasini qabul qilishda bir qator yo`nalishlarga e`tiborni kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi. Chunonchi, joylarda byudjet mablag`laridan samarali va oqilona foydalanish, qonun buzilishlarini oldini olish maqsadida mahalliy byudjetlarning qo`shimcha manbalari hisobidan manbasi aniq bo`lmagan tadbirlarni va parallel loyihalashtirish, tender savdolarini o`tkazmasdan turib, qurilish va ta`mirlash ishlarini moliyalashtirishni cheklashni qonun bilan mustahkamlab qo`yish maqsadga muvofiq.

Bugun qayd etish kerak, tibbiyotning birlamchi bo`g`iniga katta e`tibor qaratilayotir. Bu bejiz emas. Chunki aynan ushbu tizim rivojlansa, butun sog`liqni saqlash tizimida yuksalish bo`ladi. Shu bois, Davlat byudjetida birlamchi tibbiyot muassasalariga ajratilayotgan mablag`larni umumiy tarzda emas, balki aniq yo`nalishlar asosida belgilash va ushbu mablag`lardan maqsadli foydalanishni ta`minlash ayni muddao.

Bundan tashqari, byudjetdan mablag` oluvchilarning hisobdorligini oshirish va bu borada yanada shaffof tizim yaratish maqsadida byudjetdan mablag` oluvchilarning rasmiy veb-saytlarida ularning moliyaviy hisobotlarini joylashtirib borish to`g`risidagi talabga bugungi kunda etarli e`tibor qaratilmayapti. Vaholanki, barcha byudjet tashkilotlarining ushbu talabga to`liq rioya qilinishiga erishish juda muhimdir. Chunki bu kelajakda byudjet intizomini mustahkamlashga, byudjet mablag`larining sarflanishi borasidagi shaffoflikni ta`minlashga, korrupsiyaning oldini olishga, qolaversa, byudjet ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o`rnatishga xizmat qiladi.

Ulug`bek INOYaTOV, O`zXDP fraksiyasi rahbari:

— Yangi ish o`rinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlarining o`sishini ta`minlash, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish 2021 yilda Davlat byudjetining asosiy yo`nalishlari sifatida belgilanmoqda. Ayniqsa, byudjet xarajatlarida chin etim va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni uy-joy bilan ta`minlash xarajatlarini ko`paytirish, umumiy o`rta ta`lim muassasalalari pedagog xodimlarining sinf rahbarligi uchun ustama to`lovlarini 1,5 barobarga oshirish, sog`liqni saqlash tizimida koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish uchun mablag`lar ajratilayotganini alohida etirof etishimiz joiz.

2021 yil uchun mo`ljallangan pandemiyadan keyingi tiklanish davrida Davlat byudjeti loyihasining ijtimoiy ahamiyatini hisobga olib, fraksiyamiz a`zolari byudjet loyihasiga bir qator yo`nalishlarda taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Chunonchi, byudjet ijrosi bo`yicha nazoratning yangi mexanizmlarini joriy etish, byudjet ijrosi haqidagi axborot va ma`lumotlar soha hamda tarmoqlar darajasida ochiq bo`lishi, buning uchun jamoatchilik nazoratiga sharoit yaratish zarur.

Shuningdek, Byudjet ijrosida kamomad va samarasiz xarajatlarini oldini olishning xuquqiy asosini yaratish maqsadida “Davlat moliyaviy nazorati to`g`risi”dagi qonunni qabul qilish lozim. Bu qonun loyihasini ishlab chiqish masalasi “Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida ko`zda tutilgan edi.

Bundan tashqari, fraksiyamiz xalq ta`limi tizimidagi muassasalarni jihozlash uchun byudjet loyihasida ko`zda tutilgan mablag`ni 2 barobarga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

Ayni chog`da umumta`lim muassasalari xodimlarini rag`batlantirish bo`yicha direktor jamg`armasiga kelgusi yil uchun ajratilishi ko`zda tutilayotgan mablag`larning tahliliga e`tiborni qaratish bo`yicha takliflarimizni bildirdik.

Abdurahim QURBONOV, O`zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a`zosi:

— Muhokamadagi qonun loyihasida pandemiya sharoitida 2021 yilda byudjet siyosatini takomillashtirish, byudjetlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash, fuqarolar turmush darajasini oshirish, aholining muhtoj qatlamini qo`llab-quvvatlashda shaffof va manzilli tizimni yaratish, ish haqi va boshqa to`lovlarning inflyasiyaga ta`sirini baholash asosida tabaqalashtirilgan holda oshirish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlarni davom ettirish ko`zda tutilmoqda.

O`z navbatida, loyihada belgilab berilgan 2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining konsolidasiyalashgan byudjetining jamlanma parametrlari hamda 2022 — 2023 yillarga byudjet mo`ljallari yuzasidan fraksiyamiz tomonidan qator takliflar bildirildi. Jumladan, Davlat byudjeti umumiy xarajatlarida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga ajratilayotgan mablag`lar ulushini yanada oshirish choralarni ko`rish hamda ajratilayotgan mablag`lardan samarali va maqsadli foydalanish bo`yicha parlament va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, aholi, ayniqsa, qishloq joylardagi aholining toza ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash va hududlarda kanalizasiya tizimlarini rivojlantirish maqsadga muvofiq. “Insonlar uchun shahar” va “yashil shahar” modellarining elementlarini qo`llagan holda hududlarni obodonlashtirishni amalga oshirish, “yashil iqtisodiyot”ga o`tish maqsadlariga erishish uchun investisiyalarni jalb qilish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish, suvni tejaydigan, zamonaviy innovasion texnologiyalarni keng joriy etish, erlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun ajratiladigan mablag`lar miqdorini oshirish masalasini ko`rib chiqish ham ayni zaruratdir.

Шарҳлар

Davlat byudjetining 9 oylik harajati 86,5 trillion so`mni tashkil etdi

01.11.2019, 13:51

Davlat byudjetining 2019 yil yanvar-sentyabr oylarida daromadlari 79,2 trillion so`mni (o`tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravar ko`p), xarajatlari esa, 86,5 trillion so`mni tashkil etdi. Davlat...