AsosiyIqtisodiyot

"Iste`mol savati"ning loyihasi ishlab chiqilmoqda

'"Iste`mol savati"ning loyihasi ishlab chiqilmoqda'ning rasmi

So`nggi yillarda keng jamoatchilik, ayniqsa ommaviy axborot vositalarida “iste`mol savatchasi” degan tushuncha ko`p muhokamlarga sabab bo`lmoqda.

Xo`sh, “iste`mol savatchasi” nima o`zi? U nimalardan iborat. Bizning turmushimizda qanday ahamiyat kasb etadi?

“Iste`mol savatchasi” – insonning normal hayot kechirishi uchun zarur bo`lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlarning eng minimumini o`z ichiga oluvchi kategoriyadir. Ya`ni ma`lum bir davlat tomonidan o`z fuqarolarining normal yashashi uchun zarur bo`lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlarning eng kam miqdorini belgilashidir. 

Soddaroq aytganda, “iste`mol savati”ga kiritilgan tovar va xizmatlar yashash uchun zarur bo`lgan eng muhim ehtiyojlaringizni qondirishga etishi kerak. Aksariyat taraqqiy etgan mamlakatlarda aholiga beriladigan ijtimoiy nafaqalar aynan “iste`mol savatchasi”ga, unda qayd etilgan ko`rsatkichlarga ko`ra belgilanadi.

Shuningdek, ayni bir davlat tomonidan ishlab chiqilgan “iste`mol savatchasi” boshqa bir mamlakat uchun to`liq andoza bo`la olmaydi. Uni ishlab chiqishda mamlakatning iqlim sharoiti, aholi ehtiyoji, shuningdek mahalliy aholining an`ana va odatlari ham alohida rol o`ynaydi. Bugungi kunda “iste`mol savatchasi”ning yagona maqbul varianti mavjud emas.

Misol uchun AQShdagi iste`mol savatiga 300 ta, Buyuk Britaniyada 350, Germaniyada 470 mahsulot va xizmat kiritilgan.

Bu mahsulotlarning oziq-ovqat turiga kiradiganlarining asosiylari non va un mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, yog`, go`sht, tuxum, poliz mahsulotlari, meva-chevalar va boshqalarni tashkil etadi.

Nooziq-ovqat mashulotlariga ko`ylak, kostyum, poyabzal, bosh kiyim, paypoq, ichki kiyim turlari, sanitariya va gigiena mahsulotlari, maktab va ta`lim olish uchun zarur tovarlar kiritiladi.

Sovuq mamlakat uchun qishda issiqlik ta`minoti iste`mol savatidagi eng muhim xizmat hisoblansa, Afrikaning ayrim mamlakatlari uchun bu xizmatning umuman keragi yo`q.

O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi tomonidan keng jamoatchilik fikriga tayanib, respublikamizning milliy “iste`mol savatchasi” loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda "Darakchi"ga Federasiya matbuot kotibi ma`lum qildi.

Mazkur tashabbus jamoatchilik tashkiloti sifatida Federasiyaning respublikamizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga o`zining munosabati sifatida gavdalanadi.

Federasiya keng jamoatchilikdan milliy “iste`mol savatchasi” loyihasi ishlab chiqishda faol ishtirok etishni so`rab qoladi. Buning yo`li oson. 

https://www.survio.com/survey/d/Y8W9V3O5A9Y9Z7A7L elektron manzili orqali so`rovnomada ishtirok eting va milliy “iste`mol savatchasi” loyihasi ishlab chiqilishiga o`z hissangizni qo`shing.

    Boshqa yangiliklar