my5
Sevimli

“Genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olish to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi

Siyosat 25.11.2020, 14:09
“Genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olish to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi

“Genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olish to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (O`RQ–649, 24.11.2020 y.) Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

 Genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olish biologik materialni olish, undan foydalanish, uni saqlash va yo`q qilish, shuningdek odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani identifikasiya qilish va (yoki) biologik qarindoshlikni aniqlash maqsadida genomga oid axborotga ishlov berish va uni muhofaza qilish bilan bog`liq bo`lgan, davlat organlari va muassasasi tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat hisoblanadi.

Genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olish sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va muassasalari quyidagilardan iborat:

 tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va sud;

 Ichki ishlar, Adliya, Sog`liqni saqlash vazirliklarining sud-ekspertiza muassasalari.

Ichki ishlar vazirligi genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olish sohasidagi vakolatli davlat organidir.

 Genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

 birinchi bosqichda biologik materialni olish amalga oshiriladi;

 ikkinchi bosqichda biologik materialdan genomga oid axborot olinadi;

 uchinchi bosqichda genomga oid axborot Genomga oid axborotning yagona ma`lumotlar bazasiga kiritiladi.  

Genom bo`yicha davlat ro`yxatiga olish ixtiyoriy (pulli asosda) va majburiy ravishda davlat ro`yxatiga olish tarzida amalga oshiriladi.

Qonun 2023 yil 1 yanvardan e`tiboran kuchga kiradi.  

Hujjat haqidagi to`liq ma`lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.

Шарҳлар