Avval xabar berganimizdek, respublika bo`yicha 3,7 milliondan ziyod tabiiy va 3,6 millionga yaqin suyultirilgan gaz iste`molchilarining kundalik iste`moli hajmini tizimli monitoring qilish yo`lga qo`yilgan.
“Zangori yoqilg`i”ning bugungi kundagi iste`moli deyarli 72 million kub metrni, aholiga etkazilgan suyultirilgan gaz miqdori esa 2310 tonnani tashkil etmoqda.
2020 yil 24 noyabr holatiga ko`ra, gaz quvurlarida me`yoriy bosimning pastligi sababli respublika bo`yicha jami 1100 dan ziyod mahalla fuqarolar yig`inlaridagi xonadonlarning tabiiy gaz bosimi me`yordan pasayishi kuzatilmoqda. “Hududgazta'minot” AJda yuzaga kelgan holatlar bo`yicha hududlar, jumladan, tuman, shahar va mahallalar kesimida ma`lumotlar mavjud bo`lib, barchasi nazoratga olingan.
Jamiyatning tarkibiy kesimida 236 ta tezkor avariya-ta`mirlash guruhlari joylarda yuzaga keluvchi avariya yoki texnik nosozliklarni bartaraf etmoqda.
Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilgan Sirdaryo viloyati, Shirin shahrida avtomobilning yuqori bosimli gaz quvuriga borib urilishi oqibatida yuzaga kelgan avariya holati ham, “Hududgaz Sirdaryo” gaz ta`minoti filiali “Shirinshahargaz” gaz ta`minoti bo`limi tomonidan bartaraf etildi.
Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrining “Alisher Navoiy” hamda “Nasaf” ko`chalari kesishgan chorrahasidagi er osti gaz quvurining ulanish qismida tirqish yuzaga kelishi bilan bog`liq avariya holati “Hududgaz Qashqadaryo” gaz ta`minoti filiali tomonidan zudlik bilan bartaraf etildi.
Toshkent shahri, Yashnobod tumanida “Olmos” MFYdagi o`rta bosimli gaz quvurida yuzaga kelgan avariya holati “Hududgaz Poytaxt” gaz ta`minoti filiali “Yashnobodtumangaz” gaz ta`minoti bo`limi tomonidan ta`mirlandi.
Buxoro viloyati, Buxoro shahri “Sanoatchilar” ko`chasida tabiiy gaz quvuriga shikast etkazilganligi hamda avariya holati aniqlanib, mazkur nosozlik “Hududgaz Buxoro” gaz ta`minoti filiali “Buxoroshahargaz” gaz ta`minoti bo`limi tomonidan bartaraf etildi.
Farg`ona viloyati, Qo`qon shahrida aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta`minlash maqsadida, “Baqachorsu” gaz taqsimlash stansiyasiga keltiruvchi yuqori bosimli gaz quvurining ta`mirtalab qismi yangisiga almashtirildi.
Andijon viloyati, Andijon shahri “Bog`ishamol” gaz tarqatish shahobchasi ikkinchi tarmog`ining chiqish qismidagi shaybani navbatdagi mavsumiy shaybaga almashtirish hamda gaz quvurlarida yuzaga kelgan nosozliklarni bartarf etish maqsadida avariya-tiklash ishlari olib borildi.
Hamkor tashkilotlari markaziy dispetcherlik boshqarmalari bilan o`zaro hamkorlikda aloqa tizimi o`rnatilib, o`z vaqtida iste`molchilarni yonilg`i bilan uzluksiz ta`minlash hamda gaz quvurlarida tabiiy gaz bosimini me`yorga keltirish bo`yicha tegishli choralar ko`rilmoqda.
Mavjud resurslardan oqilona foydalanish va yo`qotishlarni kamaytirish maqsadida, har bir hududda tegishli targ`ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda, yakka tartibdagi xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo`yicha reydlar o`tkazilmoqda. Jumladan, o`tgan 17 kun davomida gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish va foydalanish bo`yicha 234 holat aniqlandi.
Xususan, yakka tartibdagi uy xo`jaliklari tomonidan parrandachilik xonalarini va issiqxonalarini isitish, yashirin ohak pechlarini yoqish yoki xonadonning gazlashtirish loyihasiga kiritilmagan qo`shimcha gaz uskunalaridan foydalanish oqibatida tabiiy gazni me`yordan ortiq sarflash holatlari aniqlanmoqda.
Mavjud muammolarga qaramay, “Hududgazta'minot” AJ uchun har bir iste`molchi manfaati muhim sanaladi. Shu sababli, gaz ta`minoti bilan bog`liq har qanday murojaat qat`iy nazoratda va gaz ta`minoti tashkilotlari mutaxassislarining murojaat joyiga tezkorlik bilan etib borishlari orqali hal qilinadi.
Fursatdan foydalanib, “Hududgazta'minot” AJ tizimidagi dispetcherlik xizmatlari tomonidan avariya-ta`mirlash guruhlarni tezkor ravishda nosozliklar yuzaga kelgan joylarga yuborilishi uchun iste`molchilardan 11-04, 71 200 08 04, 71 202 11 04 telefon raqamlari hamda “Facebook” ijtimoiy tarmog`idagi “Gaz ta`minoti muammolari va ularni hal etish yo`llari” va “Kommunalka” va boshqa jamoat guruhlari orqali murojaat qilishlarini hamda o`z murojaatlarida manzil hamda qayta aloqaga chiqish uchun aniq ma`lumotlarni taqdim etishlarini so`rab qolamiz.
Hurmatli iste`molchilar! Mavjud resurslar jumladan tabiiy va suyultirilgan gazdan oqilona foydalaning, ularning behuda sarflanishiga yo`l qo`ymang!