O`zbekiston Energetika vazirligi sement ishlab chiqaruvchi korxonalarga elektr energiyasi etkazib berilishini to`xtatilgani to`g`risidagi mish-mishlar haqiqatdan yiroq ekanligidan ogohlantiradi. Ushbu zavodlarga elektr energiyasi etkazib berish to`xtamagan. Bu haqda vazirlikning Matbuot xizmati xabar berdi.
" - Bu yolg`on ma`lumot bugun, 25 noyabr kuni 19 mingdan ziyod obunachiga ega bo`lgan telegram kanallaridan birida joylashtirilgan. Mazkur telegram kanali egasi u qanday audotiriyani qamrab olishga qodir ekanini hisobga olgan holda har qanday yolg`on ma`lumot tarqatish holati uchun javobgarlikni his qilishi lozim.
Mish-mishni tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi vakolatli manbalarga murojaat qilmay turib, “tarmoq ma`lumotlariga asoslanib” deb yozgan holda mazkur telegram kanali muallifi sement ishlab chiqaruvchi aniq korxonalarni tilga oladi va ularga elektr energiyasi etkazib berish to`xtatib qo`yilganini ma`lum qiladi.
Eslatib o`tamiz, qonunchilikka muvofiq, jismoniy shaxs yolg`on xabar tarqatgani uchun qonuniy javobgarlikka tortiladi. Ma`lum bir auditoriyaga mo`ljallangan har qanday xabar tarqatayotgan kishi bu boradagi mas`uliyati va har qanday isbotini topmagan xabar, odamlarga mish-mishlar va tekshirilmagan ma`lumotlarni etkazgani uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligini aniq his qilishi lozim.
Dispetcherlik markazi ma`lumotlariga ko`ra, 24 noyabr kuni Ohangaron sement zavodiga 605 ming kVt.soat elektr energiyasi etkazib berilgan bo`lib, o`rta hisobda bu zavodga kuniga 540 ming kVt.soat elektr energiyasi etkazib beriladi.
Jumladan, Quvasoy sement zavodi sutkasiga o`rtacha 332 ming kVt.soat elektr energiyasi iste`mol qiladi," deyiladi xabarda.