AsosiyIqtisodiyot

Plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirishda ushlab qolinadigan 1 foizlik to`lov masalasi qayta ko`rib chiqiladi

'Plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirishda ushlab qolinadigan 1 foizlik to`lov masalasi qayta ko`rib chiqiladi'ning rasmi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida deputatlar «2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida»gi qonun loyihasini birinchi o`qishda ko`rib chiqishdi.

 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat vakillari ham ishtirok etgan muhokamalar jarayonida «Adolat» SDP fraksiyasi a`zosi Shuhrat Polvonov hukumat a`zolari e`tiborini fuqarolar oylik maoshlari hamda unga tenglashtirilgan to`lovlarni bankomatlar orqali naqdlashtirganda 1 foiz hisobida bank xizmati to`lovi ushlab qolinayotgani bilan bog`liq masalaga qaratgan.

Deputat bugungi kunda aholining ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlar deyarli to`liq hajmda plastik kartochkalarga o`tkazib berilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlarda esa, plastik kartochkalardagi pul mablag`lari naqd pul shakliga tenglashtirilgani, lekin tijorat banklari tomonidan aholining plastik kartochkalarini bankomatlar orqali naqdlashtirishda 1 foiz miqdorida komissiya to`lovi ushlab qolinayotgani haqida gapirgan.

Agar aholining 10 foizi bir oyda bankomatlar orqali o`rtacha 1 million so`mdan pul mablag`larini naqdlashtirsa, oyiga 30 mlrd so`m, yiliga esa 350 mlrd so`mdan ortiq pul mablag`lari banklar hisobiga ushlab qolinishi misol tariqasida keltirib o`tilgan.

«Vaholanki, banklar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka binoan, plastik kartalardagi pullarni naqdlashtirish jarayonida maksimal darajada 1 foizgacha bank xizmati ushlab qolish belgilangan. Nega aynan bugungi kunda maksimal darajadagi 1 foiz ushlab qolinmoqda?», deya savol bilan yuzlangan deputat.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmatov bunga javoban mazkur amaliyot tijorat banklarining aholiga bankomat xizmatlarini ko`rsatishdagi xarajatlarini qoplash uchun joriy etilganini ma`lum qilib, deputatning e`tirozi Markaziy bank hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan o`rganib chiqilishini aytgan.

Shuningdek, deputat tomonidan ko`tarilgan masalaga bosh vazir Abdulla Aripov ham o`z munosabatini bildirgan. U mazkur masala qonun loyihasini ikkinchi o`qishga tayyorlash jarayonida ko`rib chiqilishi hamda 1 foizlik ustama to`laqonli olib tashlanmagan taqdirda ham engillashtirish masalasi ko`rib chiqilishini ma`lum qilgan.

    Boshqa yangiliklar