2021/2022 o`quv yilidan bitiruvchilar kasb tanlashi, mehnat bozorida o`z o`rnini topishi uchun «Kasbga yo`naltirish tizimi» joriy etiladi.
Bugun AOKAda o`tgan brifingda O`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish va pedogogik-psixologik respublika tashxis markazi bo`lim boshlig`i Hayot Foziljonov bu borada batafsil ma`lumot berdi:
2021/2022 o`quv yilidan boshlab umumta`lim muassasalari bitiruvchilari o`z iqtidori va qiziqishlariga mos kasbni tanlab olishi, mehnat bozorida munosib o`rnini topishi, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatga erishishi uchun «Kasbga yo`naltirish tizimi» joriy etiladi;
7-sinfdan boshlab o`quvchilar o`rtasida interaktiv so`rovnomalar o`tkazilib, kasb-hunarga bo`lgan qiziqishi aniqlanadi va ularning ma`lumotlar bazasi yaratiladi;
7-sinf o`quvchilari uchun har oyda bir marta «Kasblar olamiga sayohat» mavzusida maxsus kurslar, 8-sinf o`quvchilari uchun har chorakda kamida bir marotaba «Mening kelajakdagi kasbim» mavzusida seminar-treninglar olib boriladi;
9-sinf o`quvchilarining kasbiy moyilligi bo`yicha o`tkazilgan pedagogik-psixologik tashxislar natijalari asosida kelgusida aniq ishchi kasblar bo`yicha kasb-hunar maktablarida ta`lim olishi mumkin bo`lgan o`quvchilar o`rtasida kasbga yo`naltirish ishlarini olib boriladi;
tizimning afzalligi — o`quvchilar tizimli ravishda kasb-hunarga yo`naltirilib boriladi, ongli ravishda kasb tanlashga va to`g`ri tanlashga erishiladi.