AsosiyJamiyat

Sovuq qurol olib yurish uchun javobgarlik belgilangan kundan boshlab 19 kun ichida Toshkentda 122 ta holat qayd etildi

'Sovuq qurol olib yurish uchun javobgarlik belgilangan kundan boshlab 19 kun ichida Toshkentda 122 ta holat qayd etildi'ning rasmi

Joriy yilning 5 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasining “Jamoat xavfsizligini ta`minlashga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida” Qonuni imzolandi. 

Unga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga 185-2 va 185-3 moddalari kiritildi. Mazkur moddalar bilan sovuq qurol, yoki sovuq qurol sifatida ishlatilishi mumkin bo`lgan buyumlarni olib yurish va ularning O`zbekiston Respublikasi hududidagi savdosi uchun ma`muriy javobgarlik belgilandi. Ilgariroq Toshkent shahar IIBB sovuq qurol olib yurish uchun javobgarlik yo`qligi muammosini bir necha bor ko`tarib, axborot resurslarida so`rovnomalar o`tkazgan. 

Jamoat joylarida sovuq qurol olib yurish uchun javobgarlikni joriy qilish to`g`risidagi qonun imzolangan kundan boshlab Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan 122 ta pichoq olib yurish bilan bog`liq faktlar qayd etildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar qilmoqda. 

Shulardan 63 tasi bo`yicha ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shulardan 47 tasi bo`yicha 185-2 “ Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolarni olib yurish” moddasiga muvofiq, 16 ta bayonnoma – 185-3 “O`zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli sifatida muomalada bo`lishi taqiqlangan ashyolarning qonunga xilof ravishda muomalada bo`lishi” moddasiga muvofiq rasmiylashtirildi.

Sud organlari tomonidan ma`muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda aybdor deb topilgan 59 nafar fuqarolarga nisbatan jarima belgilandi, to`rt nafar fuqarolar ma`muriy qamoqqa olindilar, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar