Deputat Alisher Qodirov 2021 yilning byudjeti juda optimistik ruhda ko`rib chiqilganini aytdi.
Ta`kidlanishicha, “Milliy tiklanish” partiyasi o`zining “Inson o`zgarmasa jamiyat o`zgarmaydi” degan g`oyasidan kelib chiqib 2021 yilda quyidagi ayrim masalalarga e`tiborni kuchaytirish zarur deb hisoblagan:
" 1) Uyg`onish davrining ostonasi maktab ekanligi ta`kidlandi. 10 mingta maktabning 3 mingtasida oshxona yo`q. Borlarida ham, sharoit kutilganidan juda uzoqda. Fransuz pedagogi Guy Jakuin 18 yoshgacha bo`lgan bola organizmini porox bochkasiga o`xshatadi: “...uning har bir a`zosida soatbay og`riqli o`zgarishlar yuz beradi. Bu juda og`ir psixo-fiziologik stressni yuzaga keltiradi. Bu jarayonning katta qismi maktabda o`tadi. Bola bu davrda hayotini izdan chiqarib yuboradigan mantiqsiz qarorlar qabul qilishi shu stressning ta`siridir. Bu stressni samarali oziqlantirish orqali o`sishga xizmat qildirish kerak”, degan xulosani beradi. Demak, maktablarimizda mayda huquqbuzarliklardan boshlab, jinoyatgacha yuz berayotganligi oshxonalar bilan bog`liq. Taklif, davlat-xususiy sherikchilik asosida, barcha maktablarda oshxonalar faoliyati yo`lga qo`yish kerak. Kam daromadli ish ekanligidan kelib chiqib maktab oshxonalarini yuritadigan tadbirkorlarga imtiyozlar ko`zda tutilishi muhim.
2) Maktabgacha ta`lim sohasida keng qamrovli qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu juda yaxshi, lekin zamonaviy muassasa bo`lsayu, mazmuni bo`lmasa maqsadga erishib bo`lmaydi. Bugun bog`chalarda ishlayotgan pedagoglarning 20 foizga yaqini oliy ma`lumotli, xolos. Ular ham 1 mln.so`m atrofida maosh olishmoqda. Muammolarga to`la tarbiyachini bolaga mehr ko`rsatishiga ishonish qiyin. Bog`chada bola agressiv munosabat ko`rdi degani 10-15 yildan keyin jamiyatda agressiv kayfiyat kafolatlanadi degani. Prezidentimiz tomonidan bekorga maktabgacha ta`limga jiddiy e`tibor qaratilayotgani yo`q. Chunki bu davr poydevor davr. Poydevor mustahkam bo`lmasa uning ustiga qurilgan bino mustahkam bo`lmaydi. Maktabgacha ta`lim tizimini professional pedagoglar bilan ta`minlash va ularning qadrini ko`tarish masalasi jiddiy o`ylanishi kerak.
3) Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan “El-yurt umidi” fondi mamlakatimizga qisqa muddatlarda saviyali kadrlarni etkazib berishi kerak. Bu fond etarli moliyalashtirilmayapdi. Misol sifatida Qozog`istonning «Bo`lajak» fondini keltirish mumkin. Bu fondning byudjeti 100 mln.dollarni tashkil etadi. Ular bugungacha 16 mingga yaqin sifatli davlat xizmatchisini tayyorladilar.
Mamlakatimizni qudratli bo`lishi iqtisodiy quvvatimizni oshirish bilan bir qatorda inson kapitaliga tikiladigan sarmoyaning miqdori va sifatiga ham bog`liq.
Prezident tomonidan deputatlar bilan uchrashuvda bir gap aytilgan edi: “Pulni topamiz. Investisiyalar jalb qilamiz. Iqtisodimiz albatta rivojlanadi. Lekin mehnatlarni qadrlaydigan avlodni tarbiyalay olmasak qilgan ishlarimiz behudaga ketadi", deydi xalq vakili.