my5
Sevimli

Buxoroda 80 yoshli erkakning giyohvandlik vositalarini ekib etishtirayotgani fosh bo`ldi

Jinoyat 26.11.2020, 20:17
Buxoroda 80 yoshli erkakning giyohvandlik vositalarini ekib etishtirayotgani fosh bo`ldi

2020 yil 13 oktyabrda jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyat Shofirkon tuman sudida, ochiq sud majlisida 80 yoshli sudlanuvchi R.R.ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo`yicha Buxoro viloyati Romitan tuman sudi raisi xabar qildi...

Shofirkon tuman hududida “Qoradori-2020” tadbiri olib borildi. Sudlanuvchi Shofirkon tumanidagi uyi hovlisining 3 sotix ekin erida Buxoro viloyati IIB EKBning 20 maydagi ekspertiza xulosasiga ko`ra, giyohvandlik vositasi bo`lgan 2.524 tup “ko`knor” giyohvandlik o`simligini, giyohvandlik vositasi bo`lgan 4 tup “kannabis” giyohvandlik o`simligini qonunga xilof ravishda ekib etishtirgani Shofirkon tumani IIB JQB xodimlari tomonidan aniqlangan.

Shuningdek, sudlanuvchining o`zi o`stirgan 2.524 tup, umumiy sof og`irligi 19.434 grammga teng ko`p miqdordagi ho`l-qurimagan holdagi ko`knor giyohvandlik vositalarini kelgusida o`tkazish maqsadini ko`zlab, qonunga xilof ravishda saqlab kelgani ham o`sha kuni Shofirkon tumani IIB JQB xodimlari tomonidan aniqlangan.

Uning uyi ko`zdan kechirilganda turli xil o`ramlarda bo`lgan yashil, sarg`ish va binafsha ranglardagi, o`ziga xos o`tkir hidli, quritilgan holda bo`lgan o`simlik boshoqlari, gulbarglari, bo`laklari va maydalari, umumiy sof og`irligi 1.284 grammga teng quritilgan ko`knor xashagi giyohvandlik vositasini ham saqlab kelgani Shofirkon tumani IIB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tintuv tergov harakati davomida aniqlangan.

“BIR-NEChA MAROTABA “KO`KNOR ETIShTIRMANG”, DEYIShGAN”

Sudlanuvchi sudda aybiga to`liq iqror bo`ldi...

- 2008 yilda Shofirkon tuman dehqon bozoridan piyoz urug`larini sotib olib kelgandim. Uyimning ekin maydoniga ushbu urug`larni ekanman. Urug`lardan bir-ikki dona ko`knor giyohvandlik vositasi unib chiqqan. Ko`knor o`simligini urug`larini olib, o`zini choy bilan iste`mol qilganman. 2008 yilda birinchi marotaba uyimning ekin maydoniga ko`knor urug`larini ekkandim. 2016 yilda ko`knorni ikkinchi marotaba ekib etishtirganman. Ko`knorni shu kunga qadar iste`mol qilib kelganman. 2020 yil yanvarda ko`knor urug`larini uyimning ekin maydoniga ekib parvarishladim. Ko`knor boshoqlarini 2-3 tasini choy sifatida damlab ichardim. Yanvarda ekkan ko`knorim yomg`ir yoqqani uchun boshog`i kattalarini 10 mayda, mayda boshoqlilarini 15 mayda uzganman. Birinchi uzgan ko`knorimni uyimning hech kim kirmaydigan xonasiga osib qo`yganman. Qurigan ko`knor boshoqlarini mehmonxonamdagi shkafga qo`yganman. Qurigan holdagi ko`knor barglarini 5 litrlik baklajkaga solib, xonamdagi krovatimning ostiga tashlab qo`yganman. Ko`knorning gullarini matodan yasalgan qopga solib qo`yganman. Ko`knor gullarini asalga qo`shib ist`mol qilganman. Quritilgan ko`knorning barglarini choy sifatida damlab ichardim. Ko`knorni 5-6 kun davomida quritganman. Keyin hovlimning ekin maydonidagi ko`knorni omborxonamga osib qo`yganman. Bu ko`knorni biron-bir shaxsga sotmaganman, sotish niyatim ham bo`lmagan. 20 mayda IIB xodimlari kelib, uyimni xolislar ishtirokida ko`zdan kechirishdi. Xodimlar ekib etishtirgan ko`knorimni topib, tegishli tartibda rasmiylashtirishdi. 

Yanvarda Shofirkon tumani markazida bo`lganimda yo`ldan bir bo`lak lattaga bog`lab qo`yilgan urug`larni topib olganman. Bu urug`larni uyining ekin maydoniga ekib etishtirganman. 20 may kuni urug`dan unib chiqqan o`simlikni uzib olib, ayvoniga osib qo`yganman. Urug`lardan unib chiqqan o`simlik kannabis edi. Uni unib chiqqanidan so`ng bilganman. Marixuanani iste`mol qilmaganman. Bu urug` nima ekanini bilish maqsadida ekkanman. Uyimda etishtirgan ko`knor haqida faqat o`g`lim va kelinimni xabari bo`lgan. Ular menga bir-necha marotaba “ko`knor etishtirmang”, deyishgan. Sog`lig`im yomonligi sababli ko`knorni iste`mol qilganman. Iste`mol qilmasam, kasalim qaytalanishi mumkin. Uni etishtirishimni boshqa biron kishi bilmagan. Uyimdan hujjatlashtirib olingan barcha giyohvandlik vositalarini xonadonimda etishtirganman. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. 

Sudlanuvchining aybi dalillar bilan ham tasdiqlandi.

Sudlanuvchining jinoiy harakati JKning 25, 273-moddasi 5-qismidan 273-moddasi 2-qismiga qayta kvalifikasiya qilindi. U JKning 270-moddasi 1-qismi va 273-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Sudlanuvchiga JKning 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo`shib, o`tash uchun uzil-kesil 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

S.ALLABERGANOVA, jurnalist

Шарҳлар