Bosh prokuratura Matbuot xizmati Andijon viloyatida sodir bo`lgan mudhish holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2020 yil 24 iyul kuni soat 23-00 larda Marhamat tumani, “Tosh yo`li” MFY, “Sadoqat” ko`chasida yashovchi fuqaro N.M. (1999 y.t.), sevgan yigitini kutib turgan voyaga etmagan T.M.ni uyali telefoniga rasmga olib, ushbu fotosuratlarni uning ota-onasi va profilaktika inspektoriga ko`rsatishini aytgan.
Ushbu ma`lumotlar boshqalarga oshkor bo`lishidan qo`rqib, T.M. o`zini osib, joniga qasd qilgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Marhumaning onasi S.B. olib borilayotgan tergov harakatlaridan norozi bo`lib, 2020 yil 30 noyabr kuni soat 12-15 larda Andijon viloyat prokuraturasiga kelgan va viloyat prokurorining birinchi o`rinbosari F.Raxmanov tomonidan qabul qilingan.
Fuqaro S.B. qabul jarayonida tergovchi tomonidan ularning talablari bajarilmasdan, uning fikricha qizining vafotiga aybdor bo`lgan N.M.dan etkazilgan zarar hisobiga “Spark” avtomashinasi undirilmayotganligidan noroziligini bildirgan.
Viloyat prokurorining birinchi o`rinbosari F.Raxmanov qabul jarayonida jinoyat ishi bo`yicha tergov harakatlari davom etayotganligi, “Spark” avtomashinasini undirish tergov organlarining vakolatiga kirmasligini, tergov yakuni bo`yicha barcha aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko`rilishini tushuntirgan.
Olingan javobdan qoniqish xosil qilmagan fuqaro S.B. “Spark” avtomashinasi undirilmagan taqdirda o`ziga o`t yoqib, joniga qasd qilishini bildirib, viloyat prokuraturasini tark etgan. Vaziyat keskinlashuvi va boshqa holatlarni oldini olish uchun Andijon viloyat IIB post-patrul xizmati xodimlari viloyat prokuraturasiga chaqirilgan.
Shundan so`ng, shu kuni soat 13-20 larda S.B. viloyat prokuraturasi avtomashinalar turargoxida baqirib, boshqa shaxslarni o`ziga jalb qilib, turmush o`rtog`i X.T.dan 1 litrli plastmassa idishda bo`lgan “Benzin” yoqilg`isi va gugurtni olib, o`zining elka qismlariga quygan va turmush o`rtog`i X.T. tomonidan o`zini yoqishi va viloyat prokuraturasi binosi ichiga yugurib kirib ketishi haqida ko`rsatma olganidan so`ng o`ziga o`t qo`yib yoqib yuborgan.
Shu vaqtda voqealar rivojini kuzatib turgan Andijon viloyat IIB post-patrul xizmati xodimlari tomonidan S.B.ning egnida yonayotgan kiyimlari echib olinib, uning kuyib og`ir tan jarohati olishi oldi olingan.
Ayni vaqtda S.B.ning yuzi, qo`llari, bo`yin va ko`krak qafasi sohalari jami tanasining 15 foiz qismi kuyish tashxisi bilan shifoxonaga joylashtirildi.
Mazkur holat bo`yicha Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.