Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlarda davlat tili to`g`risidagi qonun hujjatlari talablari ijrosi tahliliga bag`ishlangan anjuman tashkil etildi.
Davlat boshqaruvi organlari va xo`jalik birlashmalari rahbarlarining ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta`minlash masalalari bo`yicha maslahatchilari ishtirokida o`tgan tadbirda tashkilotlarda “Davlat tili haqida”gi Qonun ijrosi, davlat tilida ish yuritish holati tanqidiy tahlil qilindi.
Xususan, Departament Ishchi guruhi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Transport vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi, Davlat statistika qo`mitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish davlat qo`mitasi, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ, “Uzbekistan airports” AJ, “Uzbekistan airways” AJda davlat tili to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan o`tkazilgan maqsadli o`rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklar ko`rib chiqildi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o`zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” 2020 yil 20 oktyabrdagi PF–6084-son Farmonida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to`liq va to`g`ri foydalanishga erishish bo`yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosida maslahatchilar faolligini oshirish, barcha vazirlik va idoralar tarkibida ish yuritish, shuningdek barcha idoralararo hujjatlar aylanishi davlat tilida bo`lishini to`liq ta`minlash bo`yicha aniq topshiriqlar berildi.
Davlat tilining nufuzi va mavqeini tubdan oshirish, davlat tili to`g`risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etishga qaratilgan kelgusi reja va vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda Departament tomonidan tayyorlangan maslahatchilar uchun qo`llanmaning taqdimoti bo`lib o`tdi.