my5
Sevimli

Samarqandda firibgar yigit qamoqda ham jinoyatga qo`l urdi

Jamiyat 01.12.2020, 22:58
Samarqandda firibgar yigit qamoqda ham jinoyatga qo`l urdi

2020 yil 3 noyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyat sudi apellyasiya instansiyasining ochiq sud majlisida A.I.Sh.ga nisbatan jinoyat ishi ko`rildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyat sudining sudyasi M.To`xtaevga asoslanib, muxbirimiz Ozod Nurmuhamedov xabar qildi.

1981 yilda tug`ilgan sudlanuvchi xavfli residivist bo`la turib, 38-manzil koloniyada jazo muddatini o`tash davomida, 2019 yil fevral oyidan 2019 yil may oyiga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida jabrlanuvchi X.T.ning ishonchiga kirib, unga boshlang`ich 100.000.000 so`m to`lov asosida lizingga “MAN” avtozavodidan “Kamaz” rusumli yuk avtomashinasini olib berishni va`da qilib, uni aldab uning 55.000.000 so`m va 5.500 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritib, ushbu pullarni o`z ehtiyojlari uchun ishlatgan.

Birinchi bosqich hamda apellyasiya instansiyasi sudlarida so`roq qilingan sudlanuvchi A.I.Sh. iqrorlik bildirmagan.

Uning aytishicha, jabrlanuvchi X.T.ga “Kamaz” avtomashinasini olib berish maqsadida undan 100.mln emas 7.500 AQSh dollari olmagan. 2019 yilning 24 yoki 25 iyun kuni singlisi Kattaqo`rg`onda 4.000 AQSh dollari pullarni X.T.ga qaytarib berganligini, pul oldi-berdisi jazoni ijro etish koloniyasida bo`lganini, “Kamaz” uchun olingan 7.500 AQSh dollarini singlisi qaytarganini, jabrlanuvchi tuhmat qilayotganligini aytib, sudyadan adolatli qaror  chiqarishini so`ragan.

Sudda so`roq qilingan jabrlanuvchi X.T. o`z ko`rsatuvida, sudlanuvchi bilan 2018 yil noyabr oyida “Toshkent-Samarqand” yo`nalishida o`zining “Lasetti” bilan kirakashlik qilib tanishganligini aytgan. Sudlanuvchi A.I.Sh. Samarqand “Man” zavodidan lizingga “Kamaz” rusumli avtomashina olib beraman, yuk avtomashinasidan  yaxshi foyda qilishlarini aytib, uni qiziqtirgan. Avtomashina narxini so`ragan vaqtida 554.000.000 so`mligini, lizingga boshlanishidan 10 foiz 55.400.000 so`m to`lov qilishi kerakligini aytgan. Uning gapiga ishonib  “Lasetti” sini sotib, A.I.Sh.ga 55.000.000 so`m va 5.500 AQSh dollari bergan. Shundan 7.500 AQSh dollarini sudlanuvchining singlisi qaytarib bergan. Sudyadan qoplanmay qolgan 38.030.000 so`mni  undirib berishini so`ragan.

Birinchi bosqich sudining hukmi o`zgarishsiz qoldirilib, jabrlanuvchiga etkazilgan moddiy zararning asosiy qismi qoplanganligini inobatga olib, O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “a,b” bandlari bilan JKning 60,61-moddalariga asosan jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining 28.05.2014 yildagi hukmi bo`yicha o`talmay qolgan ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir kunini sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirib va jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 7 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Шарҳлар