Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar qildi...
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudining sudyalari R.T., R.Q. va M.A.ga nisbatan 2020 yil 5 oktyabr kuni xizmat tekshiruvi yakunlangan. Tekshiruv xulosasiga ko`ra, 2020 yil 3 oktyabr (shanba) kuni jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudining sudyalari R.T., M.A. va R.Q. Parkent tumanidagi So`qoq qishlog`ida joylashgan choyxonada ovqatlanish davomida spirtli ichimlik iste`mol qilishgan. R.Q.ning boshqaruvida bo`lgan avtotransport vositasini mast holda boshqarib, Parkent tuman markaziy chorrahasida biriktirish dislokasiyasi asosida xizmat vazifasini o`tayotgan Parkent tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan to`xtatilgan. Ushbu avtomashina haydovchisi R.Q. o`zini jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudining sudyasi ekanini aytib, xizmat guvohnomasini ko`rsatgan holda tanishtirgan va haqiqatdan ham spirtli ichimlik iste`mol qilganini ma`lum qilgan.
Tuman IIB YHXB xodimlarining taklifiga asosan, R.Q. tibbiy ko`rikdan o`tgan vaqtida uning mastlik holati 146-sonli bayonnomaga asosan tasdiqlangan.
IIB YHXB xodimlari tomonidan sudya R.Q.ning avtomashinasini jarima maydonchasiga olib borish vaqtida avtomashinada yo`lovchi tariqasida harakatlangan R.T. IIB YXXB inspektori U.A.ni haqoratli so`zlar bilan haqoratlagani hamda sudya M.A.ning sudya R.Q. va R.T. bilan birga spirtli ichimlik iste`mol qilib, ularni mast holda ekanliklarini bila turib, ushbu avtotransportda yo`lovchi sifatida harakatlanib, ushbu harakatlanishga befarq munosabatda bo`lgani kabi holatlar sudyalarining odob-axloq kodeksida belgilab qo`yilgan qoidalarni buzilishiga olib kelgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati sudlari sudyalari malaka hay`atining 2020 yil 6 oktyabrdagi xulosalariga muvofiq R.T. va R.Q.ning sudyalik vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish haqidagi xulosa berilgan. Malaka hay`atining 2020 yil 6 oktyabrdagi qaroriga ko`ra, M.A.ga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo`llanilgan.
Sudyalar oliy kengashining 2020 yil 6 oktyabrdagi qarorlariga ko`ra, R.T. va R.Q. sudyalar odob-axloqi qoidalarini buzganligi hamda arizasiga binoan jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudining sudyasi lavozimidan ozod etilib, vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan. Ularga nisbatan yuritilgan ma`muriy huquqbuzarlikka oid ish Yuqorichirchiq tuman ma`muriy sudida ko`rib chiqildi.
Ushbu sudning 2020 yil 1 dekabrdagi qaroriga ko`ra, R.Q. MJtKning 131-moddasi 1-qismi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan. Unga nisbatan MJtKning 34-moddasiga asosan uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etib, bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari 5 575 000 so`m miqdorda jarima jazosi tayinlangan.
Shuningdek, mazkur qarorga asosan R.T. MJtKning 52-moddasi 2-qismi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan. Unga nisbatan MJtKning 34-moddasiga asosan uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari 446 000 so`m miqdorda jarima jazosi tayinlangan.