Tahlillarga e`tibor qaratadigan bo`lsak, Navoiy viloyatida yil boshidan to hozirga qadar 203ta YTH qayd etilgan bo`lib, bu hodisalar oqibatida 158 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohat olgan, 69 nafari esa vafot etgan. Bugungi kunda ko`plab YTHlarning asosiy omili haydovchilarning e`tiborsizligi yoxud diqqatni jamlay olmaslik natijasida yuzaga kelmoqda. Avtomashina boshqaruvchilariga ayon-ki, sergaklikni bir soniyaga yo`qotish ko`plarning hayotiga xavf solishi mumkin.
Xususan, fuqaro O.V o`zining boshqaruvida bo`lgan Neksiya avtomashinasida Navoiy hududidagi mahalliy ahamiyatga ega bo`lgan 4N396 avtomobil yo`lining 7-kilometrida “Tikonli-Cho`ya” yo`nalishi bo`ylab harakatlantirib borayotgan paytida tezlikni me`yoridan oshirgani va beparvoligi sabab, o`z yo`nalishidan chiqib ketib, YTHni sodir etgan.
Navoiy viloyati IIB huzuridagi TB tergovchilari tomonidan to`plangan ma`lumotlarda keltirilishicha, haydovchining avtomashinasida 2 yo`lovchi bo`lib, avtohalokat natijasida ulardan biri fuqaro Q.S “og`ir qo`shma shikastlanishi, bosh miya lat eyishi, o`ng va chap bilak suyaklari ochiq sinib siljishi”, ikkinchi yo`lovchi fuqaro H.Shda esa, “Bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya lat eyishi, og`ir darajadagi koma holati” bilan tuman Tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo`limiga yotqizilgan.
Ulardan biri ayni paytda koma holatida, ikkinchi fuqaro, ya`ni H.Sh ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi, - deydi Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergovchisi Shahrizod Xudoyberdiev. Noxush hodisa sababchisiga aylangan haydovchi V.Oni hatti-harakatlarida O`zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2-qismida ko`rsatilgan jinoyat alomatlari mavjud bo`lganligi sababli, unga nisbatan mazkur modda bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yo`l tartibni yoqtiradi. Bunda haydovchi ham – piyoda ham birdek mas`uliyatga ega. Yo`llarda tezlikni me`yordan oshirish kabi holatlarning yakuni faqatgina ko`ngilsizliklarga olib keladi. Agar belgilangan qoidalarga amal qilinsa, aminmiz-ki, turli noxush vaziyatlardan yiroq bo`lamiz!
Shiringul Asoeva