Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva ta`lim muassasalarida jinsiy tarbiya darslari o`tilishi haqidagi gaplariga izoh berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.
“Men jinsiy tarbiya haqida gapirganimda bloger va jurnalistlarimiz mutlaqo noto`g`ri tushunishdi. Jinsiy tarbiya zarurati haqida gapirganimga sabab, qizlarni ginekologga, o`g`il bolalarni urologga olib borib tekshirtirish, shamollash asoratlarining oldini olish mumkin. Yoshligidan sog`ligiga qaraydigan bo`lsak, bepushtlikning oldini olsa bo`ladi.
O`zbekistonda ajrimlarning 15 foizi bepushtlik oqibatida bo`lyapti. Bunda nafaqat ayollarning, balki erkaklarning ham bepushtligi bor. Erkaklar shifokorga borishga uyaladi. Ikkinchi, uchinchi ayolga ham uylanadi. Lekin bolasi bo`lmaydi. Ayb o`zida, ammo davolanishni istamaydi. Shunday stereotiplar bilan kurashishimiz kerak”, – dedi Norboeva Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining 4 dekabr kuni o`tkazilgan yig`ilishida.
Bildirilishicha, O`zbekistonda odam savdosi jinoyatlarida chaqaloq savdosining ulushi ortgan. Chaqaloq sotib oluvchi shaxslar bilan o`tkazilgan suhbat natijalariga ko`ra, ular bu ishga farzandi bo`lmagani, oilasini saqlab qolish chorasi sifatida qo`l urishi hamda bola o`z aqlini tanib olmasdan, kichikligida asrab olishi kerakligi haqidagi vajni keltiradi.