my5
Sevimli

Ikki slotli mobil qurilma IMEI-kodini ro`yxatdan o`tkazish tartibiga o`zgartirish kiritildi

Hi-tech 03.01.2021, 11:45
Ikki slotli mobil qurilma IMEI-kodini ro`yxatdan o`tkazish tartibiga  o`zgartirish kiritildi

Hukumat qarori bilan O`zbekistonda foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro`yxatga olish tartibi to`g`risidagi nizomga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.  

Endilikda O`zbekiston hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qat`iy nazar, ularni ro`yxatdan o`tkazish uchun javobgar bo`ladilar.

Xorijiy davlatlarning O`zbekistonda akkreditasiyadan o`tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari mobil qurilmalari IMEI-kodlarini ro`yxatdan o`tkazish uchun Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko`rsatish byurosiga murojaat qiladi.  

Tizim operatori Diplomatik korpusga xizmat ko`rsatish byurosi bergan arizaga muvofiq IMEI-kodlarini ro`yxatdan o`tkazishni ariza olingan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida to`lov asosida amalga oshiradi.  

Sud qaroriga ko`ra davlat egaligiga o`tkazilgan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro`yxatdan o`tkazish uchun davlat ijrochisi tomonidan anketa va sud qarori nusxasi tizim operatoriga taqdim etiladi.  

Shunga ko`ra, tizim operatori mobil qurilmalarni ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida ro`yxatdan o`tkazadi.  

Tizim operatori bilan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi o`rtasida sud qaroriga ko`ra davlat egaligiga o`tkazilgan mobil qurilmalar bo`yicha elektron axborot almashinuvi amalga oshiriladi.  

Shuningdek, agar mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019 yil 1 noyabrgacha avtomatik ro`yxatdan o`tgan va bazaga kiritilgan bo`lsa, uning boshqa slotidagi IMEI-kodi qurilma egasi tomonidan quyidagi harakatlar bajarilganidan so`ng tizim operatori tomonidan 3 ish soati mobaynida bepul amalga oshiriladi:

- mobil qurilma egasining tizim operatori yoki tizim ro`yxatga oluvchisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan murojaat qilishi;  

- IMEI kodining ushbu mobil qurilmaga haqiqiy ekanligini tasdiqlash (mobil qurilma klaviaturasida *#06# kodini yozib olingan IMEI kodining ekran tasvirini taqdim etish);

- anketa taqdim etish.

Agar 2019 yil 1 noyabrdan keyin arizaga asosan ro`yxatga olingan bo`lsa, jarayon 3 soat ish vaqtida to`lov asosida amalga oshiriladi.  

Chet el fuqarosi tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini tizim operatori yoki tizim ro`yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilish yo`li bilan ro`yxatga olinadi.

Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona to`lovlari to`langandan so`ng IMEI-kodlari ro`yxatdan o`tkaziladi.  

 

Шарҳлар