my5
Sevimli

Ofis xodimi sindromidan asabi bo`shlar ko`proq aziyat chekadi

Salomatlik 13.01.2021, 15:35
Ofis xodimi sindromidan asabi bo`shlar ko`proq aziyat chekadi

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Murodjon Irismetov  CCV Matbuot xizmati bilan “Ofis xodimi sindromi” haqidagi fikrlarini o`rtoqlashdi.  

— Statistika ma`lumotlariga ko`ra, har yili 25 yoshdan oshgan ishchilarning 80 foizida umurtqa pog`onasi xastaliklari, xususan, umurtqa qiyshiqligi aniqlanadi. Buni qarangki, 80 foizni keltirib chiqargan omil — ish stolida gavdani noto`g`ri tutish ekan. Shuning uchun ham xodim ish vaqti davomida (imkon qadar har bir-ikki soatda) 5-10 daqiqalik tanaffus qilishi lozim. Bu paytda bir necha marotaba o`tirib, turish, gavdani yon tomonga harakatlantirish, boshni soat mili bo`ylab aylantirish kerak. So`ng o`pkani to`ldirib nafas olinadi va yana ishni davom ettirishga kirishiladi.  

Bel og`riqlaridan himoyalanishda kursi suyanchig`iga maxsus ortopedik yostiq o`rnatish mumkin. Shuningdek, bunday yostiqlar bavosil bilan og`rigan kishilar uchun ham tavsiya etiladi.  

Har ikki soatda bo`yin mushaklari uchun mashq bajarilishi, bo`yin osteoxondrozi profilaktikasi hisoblanadi. Ayniqsa, ensa va kurak sohasida og`riq, uvishish kuzatilganida mashqlar g`oyat foydalidir.

Kamharakatlik tanada qon aylanishini buzadi. Birinchi navbatda, oyoq va kichik tos a`zosida me`yoriy jarayon izdan chiqadi. Buning asoratida esa oyoq vena qon tomirlarida varikoz kengayish, bavosil tugunlarining hosil bo`lishi yuz beradi. Qon aylanishini yaxshilash uchun jismoniy faollikni oshirish lozim. Ishni ertalabki badantarbiyadan boshlagan ma`qul. 10-15 daqiqa qo`l-oyoq chigalini yozish qon aylanishini yaxshilaydi. Kun davomida esa zinadan piyoda ko`tarilish, vaqti-vaqti bilan xona bo`ylab yurish kerak.  

Qon aylanishining me`yorda bo`lishi ko`p jihatdan iste`mol mahsulotlariga ham bog`liq. Muntazam qahva yoki achchiq qora choy ichish qonni quyultiradi. Shuningdek, shirinliklar qonda “yomon” xolesterin miqdorining ortishini yuzaga keltiradi. Aksariyat kishilarda kuzatiladigan holat: kompyuter qarshisida taom eyishning esa ziyoni katta. Nega deganda, monitordan tarqalayotgan nur nafaqat inson tanasi, balki u iste`mol qilayotgan mahsulotga ham etib boradi va uni ma`lum ma`noda zararlaydi.  

Tizza bo`g`imlarining bir xil bukilgan yoki yozilgan holatda ko`p qolib ketishi ham zarar. Bo`g`imlarning uzoq vaqt bir xil holatda qolib ketishi natijasida uning drenaj funksiyasi, oziqlanishi moylanishi buziladi, buning natijasida artroz-bo`g`im kasalligi kelib chiqadi.  

Bu kasallikning oldini olish uchun oyoqlar holatini almashtirib turish, vaqti vaqti bilan turib yurish, o`tirgan holatda velosiped harakatlarini oldinga  va orqaga bajarish, chuqur nafas chiqarib o`tirish va chuqur nafas olgan holda turish mashqlarini bajarib turish kerak.

Eng oson mashg`ulot: kishi nigohini derazadan tashqariga, biror ob`ektga qaratadi. So`ng yana yaqindagi narsaga qarash mumkin. Ko`zlarni o`ng, chap, tepaga va pastga harakatlantirish ham foydalidir. Bu ko`z mushaklarini harakatga keltiradi. Shuningdek, ko`zni tez-tez yumib, ochish ham asqotadi. Muhimi, kompyuter qarshisida uzoq vaqt o`tirmaslik kerak. Kichik tanaffuslar ko`zga dam beradi.  

Ofis xodimi sindromidan asabi bo`shlar ko`proq aziyat chekadi. Demakki, sog`lom hayot kechirish va sevimli mashg`ulot bilan shug`ullanishda davom etish uchun stressli vaziyatlardan himoyalanish darkor. Har bir kasallik asabdan, deyilishi bejiz emas, axir.  

 

Шарҳлар