2021 yil 02 yanvar kuni 2004 yilda tug`ilgan voyaga etmagan P.E. Kattaqo`rg`on tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda fuqaro I.S. o`zining “Matiz” rusumli avtomashinasida uni Kattaqo`rg`on shahar “Chinobod” mahallasi hududiga olib borib, zo`rlik ishlatib nomusiga tekkanligini, shuningdek, fuqaro S.R. ham “VAZ 2106” rusumli avtomashinasida uni Kattaqo`rg`on tumani hududida joylashgan “Suv ombori” hududiga olib borib, uni zo`rlab jinsiy aloqa qilganligini ko`rsatib ularga nisbatan chora ko`rishni so`ragan. Samarqand viloyati prokuraturasi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum qilinishicha, holat yuzasidan Kattaqo`rg`on tuman IIB huzuridagi TB tomonidan tergovga qadar tekshiruvga kirishilib, voqea joyi ko`zdan kechirilgan, ishga aloqador shaxslarning ko`rsatuvlari olinib, voyaga etmagan P.E.ning tanasida tan jarohatlariga aniqlik kiritish maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertiza tayinlangan.
Ishda to`plangan dalillarga asosan O`zbekiston Respublikasi JKning 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda jinoyat ishi yuzasidan hududiy tegishliligi bo`yicha Kattaqo`rg`on shahar IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, P.E.ning arizasida ko`rsatilgan fuqaro S.R. 2021 yil 13 yanvar kuni o`zining Kattaqo`rg`on tuman “Saroyqo`rg`on” mahallasida joylashgan uyida vafot etganligi aniqlangan.
Fuqaro S.R.ning o`lim sabablarini aniqlash yuzasidan Kattaqo`rg`on tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, 2021 yil 14 yanvar kuni Kattaqo`rg`on shahar prokuraturasiga fuqaro S.S. ariza bilan murojaat qilib, unda voyaga etmagan farzandi P.E. 10 yanvar kuni uyidan noma`lum tomonga chiqib ketib, qaytib kelmasdan bedarak yo`qolganligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Kattaqo`rg`on shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda, deyiladi rasmiy xabarda.