Bugun ko`hna va navqiron Buxoro shahrida investisiya dasturi asosida to`liq ta`mirdan chiqarilgan Olimpiya zaxiralari kollejining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Matbuot xizmati xabar berdi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev ishtirok etdi.
Marosimda Buxoro viloyatining chempion o`quvchilari, faxriy sportchilar, kollej jamoasi, Buxoro viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbirda so`zga chiqqanlar ushbu maskan endilikda yoshlarning o`z iqtidor va imkoniyatlarini to`liq namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar taqdim etishini alohida ta`kidlab, buning uchun Hukumatimiz, qolaversa Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga tashakkur izhor qilishdi.
Shundan so`ng vazir kollejning o`quv xonalari, kimyo, biologiya, informatika va laboratoriya xonalarini ko`zdan kechirib, ta`mirlanish va jihozlanish holati bilan tanishdi. Sport majmuasidagi taekvondo zalida sportchilar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashib, yutuq va kamchiliklarga to`xtalib o`tdi.
Boks zalida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan murabbiy Ravshan Xodjaev bilan suhbatlashib, bo`lg`usi chempionlarning natijalari va kelgusidagi o`quv-yig`in mashg`ulotlari bilan qiziqdi.
Kollejning badiiy gimnastika zalida gimnastika gilami ta`mirtalab ahvolda ekanligini ko`rib, bu erga vazirlik nomidan yangi gimnastika gilami sovg`a qilindi. Sportchilar yangi gilam ustida o`z mashg`ulotlarini davom ettirishdi.
Shuningdek, D.Nabiev kollejning yangi qurilgan ochiq futbol, voleybol va stol tennisi maydonlarini ham ko`zdan kechirdi.
Tadbir so`ngida vazir o`quvchilar va ularning ota-onalari bilan esdalik uchun suratga tushdi.